O‘zbekiston | 10:35 / 28.08.2019
2285
4 daqiqa o‘qiladi

«Men g‘olib» shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada «Eng ilg‘or artilleriyachilar» aniqlandi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida artilleriya qo‘shinlari mutaxassislari o‘rtasida “Men g‘olib” shiori ostida «Eng ilg‘or artilleriya mutaxassisi» tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, tanlovning tantanali ochilish marosimida harbiy orkestrning konsert dasturi, badiiy-musiqiy chiqishlar, qo‘l jangi guruhining ko‘rgazmali namoyishi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Unda so‘zga chiqqanlar milliy armiya qudratini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning bilim va mahoratini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Jamoa rahbarlari o‘rtasida qur'a tashlangandan so‘ng, musobaqa shartlariga start berildi. Tanlovda “Hisobchi”, “Ayg‘oqchi”, “Topobog‘lovchi”, “Orudiyachi” va “Minomyotchi” yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar murosasiz va qizg‘in tus oldi. Barcha harbiy okruglardan yig‘ilgan qatnashchilar dastlab ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish uchun umumqo‘shin himoya kiyimini qisqa fursatda kiyish-yechish me'yorlarini bajardi. Keyingi bosqichda optik razvedka, topogeodezik bo‘linmalari va hisobchilar maxsus tayyorgarlik mashqlari bo‘yicha bellashdi. Okopda turgan holda, 2 ta qo‘l granatasini uloqtirishda qarama-qarshi esayotgan shamol xalal bergan bo‘lsa-da, tanlov ishtirokchilari otish tayyorgarligi bo‘yicha avtomatni yig‘ish-yoyish me'yorlarini muvaffaqiyatli uddaladi.

Shahd-u shiddat bilan o‘tgan tanlov yakunida yakkalik va jamoaviy hisobda g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, yakkalik bahslar bo‘yicha “Hisobchi” yo‘nalishida 1-o‘rin shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar S.Narziyev (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug)ga nasib etdi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar A.Mamajonov (Markaziy harbiy okrug) “Ayg‘oqchi”, serjant U.Ikromov (Markaziy harbiy okrug) “Topobog‘lovchi” yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi.

Jamoaviy o‘rinlarning “Orudiya” yo‘nalishida Markaziy harbiy okrug jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Sharqiy harbiy okrug hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari kuchli uchlikdan joy oldi. “Minomyotchi” yo‘nalishida 1-o‘rinni Sharqiy harbiy okrug jamoasi egallagan bo‘lsa, 2- va 3-o‘rinlarni Markaziy harbiy okrug hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari band etdi.

Umumiy hisobda harbiy okruglar o‘rtasida 1-o‘rin Markaziy harbiy okrug (3 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medal)ga nasib etdi. Jami 4 medal jamg‘argan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal) 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. Sharqiy harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal) jamoasi esa uchta medal bilan kuchli uchlikni to‘ldirdi.

Tanlov yakunida g‘oliblarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid