O‘zbekiston | 21:32 / 28.08.2019
3302
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chiqindilarni plazma usulida utilizatsiya qilish texnologiyasi tatbiq etiladi

27 avgust kuni O‘zbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov hamda Singapurning «Alpha Global Capital (S) Pte. Ltd.» ijrochi rais o‘rinbosari Samad Salim va kompaniya mutaxassislari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda chiqindilarni plazma usulida utilizatsiya qilish texnologiyasini tatbiq etish bilan bog‘liq hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida umumiy qiymati 15 mln dollarni tashkil etuvchi “Qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish, keyinchalik mazkur texnologik uskunalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Shuningdek, singapurlik investorlar mazkur texnologiyalar sohasida o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar. 

Shu bilan birga investorlar oqova suvlarni tozalash texnologiyalarini tatbiq etish yo‘nalishida ham investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish istagini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va «Alpha Global Capital (S) Pte. Ltd.» o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 

Mazkur texnologiyaning afzalliklari shundaki, maxsus texnologiya kam chiqitli bo‘lib, atrof-muhitga, aholi salomatligiga ta'siri yo‘q. Plazma usulida chiqindilarni utilizatsiya qilish ularni saralashni talab etmay, xarajatlar nuqtai nazaridan ham maqbul, oddiy usulda utilizatsiya qilishga ketadigan xarajatlarni bir necha barobar qisqartiradi. 

Xususan, ushbu qurilma bir kunda 5 tonna chiqindini plazma usulida qayta ishlab, issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, hosil bo‘lgan 5 foiz kul chiqindisini qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sifatida yoki qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanish mumkin bo‘ladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid