Jamiyat | 18:37 / 29.08.2019
11933
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim boshqarmasining tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida 300 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi

Xalqimiz — azaldan bolajon. Xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, farzandi dunyoga kelsa, Yaratganning in'omi sifatida qabul qilib, shukronalar aytadi. Bolasini boshiga ko‘tarib avaylaydi, butun mehrini berib, uni paravarishlab tarbiya qiladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tashabbusi bilan “Sunnat to‘ylari” o‘tkazildi. Mazkur tadbirda ezgu qadriyatlarning namoyishi bo‘ldi. Milliy liboslardagi bolalar “Sunnat to‘ylaringiz muborak bo‘lsin, baxtiyor to‘ybolalar!” qutlovi ilingan davraga karnay-surnay sadolari ostida kirib keldi. Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tantanada to‘y bolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. – Mazkur tadbir yosh avlodga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Yulduzxon Xodjayeva.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiya olayotgan farzandlarimizning xayriya sunnat to‘ylarida davraning to‘rida milliy liboslarda o‘tirgan bolalar-u ularning ota-onalari va yaqinlarining quvonchlari cheksiz. Bularning barchasi yurtimizda inson manfaatlariga bo‘lgan yuksak e'tibor samarasidir. 

Farg‘ona viloyatida viloyat hokimligi hamda Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tashabbusi bilan mustaqillikning 28 yilligi munosabati bilan viloyatdagi 300 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Qo‘qon shahridagi «O‘rda» tantanalar saroyida o‘tkazilgan sunnat to‘yida Beshariq, Furqat, O‘zbekiston, Dang‘ara, Uchko‘prik, Buvayda, Bag‘dod tumanlari va Qo‘qon shahrida yashovchi ehtiyojmand oilalarning 150 nafardan ortiq, Farg‘ona shahridagi “Fayz” tantanalar saroyida Oltiariq, Qo‘shtepa, Quva, Farg‘ona, Yozyovon tumanlari va Marg‘ilon, Quvasoy, Farg‘ona shaharlarida istiqomat qiladigan oilalarning 150 nafardan ortiq farzandlari ularning ota onalari ishtirok etishdi.

Tadbirni Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov ochib barcha bolajonlar va ularning ota onalarini ushbu tadbir bilan tabriklab viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirdi. Viloyat hokimligi mutasaddilari, tuman va shahar hokimliklari, jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan sunnat to‘yida bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari hamda do‘stlari mehmon bo‘ldi. To‘y bolalarga sarpolar kiydirilib, homiy tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi.

«Bugun o‘g‘lim Muxammadrizoning sunnat to‘yi bo‘ldi. Oilalarga, ayniqsa, farzandlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan boshimiz ko‘kka yetdi. Buning uchun davlatimizdan, barcha saxovatli insonlardan behad minnatdormiz», – deydi Beshariq tumanining Namuna qishlog‘ida yashovchi Mehrinisa Bobojonova.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarimizning asosi – mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Mazkur tadbir ham ana shunday ezgu qadriyatlarning namoyishi bo‘ldi. 

Mazkur tadbirlarda, Qilichbek Madaliyev, Abdulxay Karimov, Ikromjon Abdullayev, Nabijon Hamroyev va bir bir qator xonandalar  ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Tashkilotchilarning sovg‘a-salomlari topshirildi.

Minnatdor yuraklar yolqini nuroniylar duosi, ota-onalar tashakkuriga ulandi. Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.

Mavzuga oid