O‘zbekiston | 13:58 / 29.08.2019
9503
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy okrug mamlakat iftixoriga aylangan qahramonlarni kutib oldi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi “ArMI-2019” Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashib, yurtimiz sha'nini jahon arenalarida munosib himoya qilishga hissa qo‘shgan bir guruh harbiylarni tantana bilan kutib oldi.

Ta'kidlash joizki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning “ArMI-2019” musobaqalaridagi ishtiroki oldingi ikki yildan ko‘ra sermahsul bo‘ldi. 39 davlat ishtirokida o‘tgan musobaqalarning 14 tasida qatnashib, shulardan 11 tasida harbiylarimiz yurtimizga turli toifadagi medallar shodasini olib keldi. Dunyoning kuchli armiyalari qatnashgan tanlovlarda O‘zbekiston 5-o‘rinni egallashi tarixiy hodisa.

Ayniqsa, xalqaro musobaqalarning mamlakatimizda o‘tkazilgan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovi hamda tankchilar bahsi bo‘lmish “Tank biatloni”ning ikkinchi divizion musobaqasidagi qo‘lga kiritilgan oltin medallar Mustaqilligimizning 28 yillik bayramiga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.

Rossiyada o‘tkazilgan “Sodiq do‘st”, “Rembat” va Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Qurolsoz usta” musobaqalarida mamlakatimiz nomidan qatnashib, jamoamizning faxrli 2-o‘rinlarni olishini ta'minlashga hissa qo‘shgan   katta leytenant Lazizjon Jo‘raqulov, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askarlar Elshod Abdullayev va Isoqjon Mo‘minov, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Korla shahrida o‘tkazilgan “Musaffo osmon” tanlovining bronza medali sohibi Ilyos Abdurahimov bugun nafaqat armiyamiz faxriga, balki yurtimiz iftixoriga aylanib ulgurdi.

Nukus vokzalida o‘tgan tantanada “qahramon” yigitlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev, harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari katta shodiyona bilan o‘zbekona lutf ila kutib olishdi. Yurtimiz mavqei oshishiga hissa qo‘shib kelgan harbiy xizmatchilar nomiga iliq so‘zlar aytildi.

Mavzuga oid