Jahon | 08:55 / 30.08.2019
18093
3 daqiqa o‘qiladi

Belarus ortidan Armaniston ham Polshadagi xotira tadbirlariga borishdan bosh tortdi

Foto: AP

Armaniston rahbariyati Polshada sentyabrning ilk kunlari o‘tkaziladigan Ikkinchi jahon urushi boshlanishining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga taklif olganiga qaramay, ularda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Bu haqda jurnalistlarga Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan ma'lum qildi. 

“Bu prinsipial masaladir. Biz Ikkinchi jahon urushiga bevosita aloqaga ega bo‘lgan davlatni bildiramiz. Bizning ota-bobolarimiz sobiq ittifoq armiyasi safida natsizmga qarshi kurashgan. Biz umumiy g‘alabaga ulkan hissa qo‘shganmiz va o‘shanda qolganlar bilan birga umumiy vatanimizni [sobiq ittifoq] himoya qilganmiz. Bizda bunday tadbirlar turli maydonlarda qanday tashkillashtirilishi borasida o‘ta ta'sirchan yondashuv borligi normal holatdir”, deb aytgan Mnatsakanyan. 

Avvalroq Polshaga borishdan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bosh tortgandi. OAVning xabar qilishicha, Lukashenko Polshaga Rossiya prezidenti taklif qilinmagani sababli borishdan bosh tortgan. Belarus tashqi ishlar vazirligida sobiq ittifoqning barcha xalqlari natsizm ustidan umumiy g‘alabaga hal qiluvchi hissa qo‘shgani, Markaziy va Sharqiy Yevropaning ozod etilishi hamda Germaniyada natsizmning yakson qilinishi ko‘p millatli sobiq ittifoq armiyasi sa'y-harakatlari evaziga mumkin bo‘lgani aytilgan. Vazirlik matbuot kotibi Anatoliy Glaz sobiq ittifoq respublikalarining g‘alabaga qo‘shgan hissasini farqlash tarixan noto‘g‘ri ekanligini aytgan. “Varshavaga Qozog‘iston, Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya taklif qilinmagan”, deb ta'kidlab o‘tgan Glaz.  

Ikkinchi jahon urushi 1939 yil 1 sentyabrda Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan boshlangan. 17 sentyabrda Polsha hududiga sobiq ittifoq qo‘shinlari kirib borgan. Buning natijasida sobiq ittifoq tarkibiga G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belarus kirgan.

Polsha sobiq ittifoqni va uning vorisi sifatida Rossiyani Ikkinchi jahon urushini boshlashda ayblagan. Polshaning fikricha, o‘shanda Germaniya va sobiq ittifoq Molotov-Ribbentrop pakti bilan Polshani ikkiga bo‘lib olgan. Shu bilan birga Germaniya hujumi rasmiyatchilik deb qabul qilingan. Moskva bunday ayblovlarga qarshi chiqmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid