O‘zbekiston | 20:38 / 30.08.2019
3201
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Mustaqillik bayrami arafasida 323 ta yangi maktabgacha ta'lim muassasasi ochildi

2017 yilning 30 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta'lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim sifati – ertangi kunimizni hal qiladigan masala. Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlikning vazifasi emas, barchamizning eng muhim vazifamiz bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini dasturga aylantirgan farg‘onaliklar mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan yana bir ishga qo‘l urishdi. 

Mustaqillik bayramining 28 yilligi arafasida 3 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasalari rekonstruksiyadan chiqarilib, 320 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muasssasalari foydalanishga topshirildi. Ularda 10 mingdan ziyod bolalarni qamrab olish quvvati hamda 1066 nafar yangi ish o‘rinlari mavjud.

Ushbu maskanlarda bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan va ular zamonaviy yumshoq mebel hamda o‘yinchoqlar bilan to‘liq ta'minlangan. Endilikda bu maskanlarda tarbiyalanuvchi bolajonlar ingliz va rus tillarini ham bemalol o‘rganishlari mumkin.

O‘tkazilgan tadbirlar va ochilish marosimlarida Farg‘ona viloyati hokimligi, viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi rahbariyati bilan bir qatorda tuman va shahar hokimliklari vakillari ishtirok etishdi.

Shundan so‘ng mustaqillik bayramini keng nishonlash maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va xodimlari ishtirokida joylarda bayram tadbirlari uyushtirildi.

Bolalarda o‘qishga qiziqish hamda intilish hissini uyg‘otish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun integral ta'limni tashkil etish, shaxsga yo‘naltirilgan ta'lim-tarbiyani amalga oshirish, bolalarni xalqimizning azaliy an'analari asosida tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish, bolalarda mustaqillik, mas'uliyatlilik, tashabbuskorlik xislatlarini shakllantirishga qaratilgan ijobiy ishlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom ettirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid