O‘zbekiston | 15:00 / 31.08.2019
8791
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi 630 yosh oilaga 3 yil avval berilishi kerak bo‘lgan uylarni yil oxiriga qadar topshirishga va'da berdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bosh prokuratura hamda Yoshlar ittifoqi mutasaddilari ishtirokida “Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlar fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishgan yosh oilalarga boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berish sharti bilan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida “Yoshlar uylari”ni berish jarayoni hozirda qanday kechayotgani haqida savol berdi. 

Xususan, 2017 yildan buyon Toshkent shahrida imtiyozli shartlar bilan uy sotib olish uchun, jamiyatda faol va iqtidorli bo‘lgan 630 nafar yoshga maxsus sertifikat topshirilgani, ammo hanuzgacha uy-joydan darak yo‘q ekani qayd etildi.

“2019 yilning yarim yillik davri mobaynida 150 nafar yosh oilaga Choshtepada qurilgan uylar topshirildi, — dedi Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov. — Ko‘pchiligi hozir borib yashamoqda”.

Mutasaddilar ayni kunlarda bu uylarni to‘la qurib bitkazish ishlari yakunlanayotganini ma'lum qildi.

“Bu yildan qolmaydi, — dedi Nodir Abduqodirov. — Toshkent shahri miqyosida hujjat topshirgan, tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va tavsiya etilgan barcha nomzodlar yil oxiriga qadar o‘zlariga va'da qilingan uylarga ko‘chib kirishadi. Hech qanaqa muammo yo‘q. Dastlabki o‘sha 150 ta nomzod uchun Yoshlar ittifoqi tomonidan boshlang‘ich badal pullari to‘lab berilgan. Ittifoq ro‘yxatdagi 600 dan ortiq boshqa yosh oilalarning badal pullarini ham sentyabr oyi davomida to‘liq to‘lab beradi. Biz o‘zimizga yuklatilgan barcha vazifalarni bajaramiz”. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid