Jahon | 09:26 / 01.09.2019
9808
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada Ikkinchi jahon urushining 80 yilligi bilan bog‘liq xotira tadbirlari boshlandi

Foto: AP Photo / Alik Keplicz

Polshaning Vesterplatte yarimoroli va Velyun shaharlarida Ikkinchi jahon urushining 80 yilligi bilan bog‘liq xotira tadbirlari boshlandi.

Aynan shu ikki joy 1939 yil 1 sentyabrda birinchi bo‘lib fashistlar hujumiga uchragan.  

Germaniyaning “Shlezvig-Golshteyn” kreyseri Vesterplattedagi harbiy-tranzit garnizoniga dengizdan o‘t ochgan. Polshaning ushbu garnizoni Gitler qo‘shinlarining hujumlarini 7 kungacha qaytargan, biroq so‘ngra taslim bo‘lgan. 

Vesterplattega hujum bilan birgalikda Velyun shahri aviatsiya bombardimoniga uchragan.

Vermaxt armiyasiga Polsha armiyasini yengish uchun 5 hafta vaqt talab qilingan. Joriy yilda Velyunga Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer tashrif buyurib, unga Polsha prezidenti Anjyey Duda hamrohlik qilmoqda. Ular bu yerda nutq so‘zlab, so‘ngra bombardimonda yo‘q qilingan cherkov xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik toshi, vayron bo‘lgan sinagoga o‘rnidagi yodgorlik oldida gulchambarlar qo‘yishlari rejalashtirilgan.

Duda germaniyalik hamkasbiga tashrifi uchun minnatdorlik bildirgan. 

“Dunyo bu dahshatli saboqni olish uchun uni boshdan kechirishi lozim edi. Qo‘lida qurol bo‘lmagan o‘n millionlab hayotlarni olib ketgan saboq”, deb aytgan Duda.

U urush guvohlari hayotdan ketganda ham urush tarixini unutmaslikka chaqirgan. “Bu shunday voqea boshqa hech qayerda takrorlanmasligi uchun zarur”, deb qo‘shimcha qilgan Duda va “faqatgina tarixiy haqiqat yaralarni bitira olishi mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan. 

Shtaynmayyer o‘z navbatida polyaklardan urush qurbonlari uchun kechirim so‘ragan.

“Bu o‘tmishni unutib bo‘lmaydi. U o‘tib ketmaydi va doimo yodda bo‘ladi. Germaniya prezidenti sifatida biz uni unutmasligimizga va'da beraman. Yodda saqlaymiz va bizga tarix qo‘yadigan javobgarlikni qabul qilamiz”, deb aytgan Shtaynmayyer.

Avvalroq ta'kidlanganidek, Polshadagi tadbirlarga 20 ta davlat rahbari taklif qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid