O‘zbekiston | 20:07 / 01.09.2019
17577
3 daqiqa o‘qiladi

Yong‘in xavfsizligi institutida birinchi bosqich kursantlarining «Harbiy qasamyod» marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 1 sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida birinchi bosqich kursantlarining «Harbiy qasamyod» qabul qilish tantanali marosimi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV Yong‘in xavfsizligi instituti matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, 

Yong‘in xavfsizligi instituti shaxsiy tarkibi hamda professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va bir qator boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari, Sergeli tumani hokimligi mutasaddilari, kursantlarning ota-onalari va yaqinlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Hozirda institutda 700 nafarga yaqin kursant tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 150 nafardan ortiqrog‘i birinchi bosqich kursantlari hisoblanadi. Ular FVV Yong‘in xavfsizligi institutiga qabul qilinishi munosabati bilan Vatanga muhabbat va el-yurtga sadoqat, mamlakatimiz Prezidentiga sodiqlikka qasamyod qilishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev institutning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni «Harbiy qasamyod» qabul qilganliklari munosabati bilan tabrikladi. 

Shundan so‘ng institutning yuqori bosqichlarida tahsil olayotgan, a'lo baholarga o‘qiyotgan va jamoat ishlarida o‘rnak bo‘layotgan iqtidorli kursantlarga - «Vazir stipendiantlari»ga faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi. 

Institut boshlig‘i vazifasini bajaruvchi polkovnik Dilshod Toxtamuradov oliy dargohga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarini qizg‘in qutladi.

— Oliy harbiy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirish har bir yigit kishining orzusi bo‘lsa kerak deb o‘ylayman, — deydi birinchi bosqich kursanti Lazizbek Farmonov. — Mana bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutining kursanti bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lish bilan birga barcha safdoshlarim bilan harbiy qasamyod qabul qilganligimiz bizga yanada mas'uliyat, matonat, shijoat, faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. 
 

Men va safdoshlarim o‘z qasamyodimizga sodiq qolib, ona Vatanimizga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqatli xizmat qilib, o‘z yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz.

— Farzandlarimiz ilk marotaba Ona Vatanimizga, Prezidentimizga, Xalqimizga munosib xizmat qilish yo‘lida qasamyod qabul qilishdi. Ular orasida mening o‘g‘lim ham borligidan faxrlanaman, — deydi Muattar Mamadinova. — Ishonch bilan aytamanki, farzandlarimiz, kelajakda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rliklarga munosib javob bergan holda, Vatanimizning ishonchli himoyachilari bo‘lib yetishishadi.  

Tadbir so‘ngida taniqli san'atkorlar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar mehmonlar e'tiboriga havola etildi.

Mavzuga oid