O‘zbekiston | 09:16 / 02.09.2019
12288
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari harbiy qasamyod qabul qildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasasi kursanti, milliy armiya harbiysi bo‘lish nasib etgan o‘g‘lonlar tantanali ravishda Harbiy qasamyod qabul qilishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yangidan barpo etilgan oliy harbiy ta'lim muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ochilishi, shuningdek, bilim yurti 1-kurs kursantlarining Harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi faxriylari, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yangi obekt ramziy lentasi qirqilgach, oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘iga ramziy kalit, shuningdek, Prezidentimiz nomidan yengil avtomobil va viloyat hokimi nomidan “Isuzu” avtobusi topshirildi.

Obektni kapital ta'mirlash ishlarida ishtirok etgan mutaxassislar Mudofaa vazirining esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

25 yillik tarixga ega oliy harbiy ta'lim muassasasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir davomida Harbiy havo kuchlari tomonidan tayyorlangan havo paradi va aviashou namoyish etildi. Parad avvalida N-125 rusumli vertolyotda davlatimiz bayrog‘i olib o‘tildi. Mi-8MT, Mi-24 vertolyotlari, S-295, Su-25, Mig-29 samolyotlarining bilim yurti uzra parvozi mehmonlar tomonidan olqishlandi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan tantanada ham akademiyaning umumqo‘shin fakultetiga o‘qishga kirgan kursantlar tantanali Harbiy qasamyod qabul qilishdi. 

Mudofaa vazirligi rahbariyati, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotni himoya qilishning mustahkam tayanchi bo‘lib kelayotgani, harbiy xizmatning yoshlar uchun tom ma'noda mardlik, chiniqish va toblanish maktabiga aylangani ta'kidlandi.

Mazkur tantanalar Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakultetida ham ana shunday tarzda o‘tdi.

Mavzuga oid