Jamiyat | 13:43 / 03.09.2019
13581
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgdagi zavodda sodir bo‘lgan yong‘inda kuyish jarohati olgan o‘zbekistonliklar haqida ma'lumot berildi

Foto: Rossiya FVV

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi vakillari sham zavodida yuz bergan yong‘in oqibatida tanasining 34 foizi kuyib reanimatsiya bo‘limiga tushgan O‘zbekiston fuqarosi A.O. va tanasining 20 foizi kuyib kasalxonaga yotqizilgan hamyurtimiz E.A.ning holidan xabar olish uchun I.I.Janelidze nomidagi Sankt-Peterburg tez yordam ilmiy-tadqiqot institutiga bordilar. 

TIV xabariga ko‘ra, tegishli muolajadan so‘ng ularning sog‘liklari holati qoniqarli deya baholanmoqda. Shifokorlar bergan ma'lumotga qaraganda, ular yana taxminan 20 kun shifoxonadan qoladilar.

Shuningdek, Bosh konsulxona xodimlari qurilish maydonida balandlikdan tushib ketishi oqibatida jarohatlangan O‘zbekiston fuqarosi K.B.ning ham holidan xabar oldilar. U tibbiyot muassasasiga o‘ng qovurg‘asi singan holda joylashtirilgan edi. Ayni paytda zarur muolaja olmoqda va holati yaxshilanmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.

Mavzuga oid