Jamiyat | 11:00 / 06.09.2019
4742
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportlarini konditsionerlar bilan jihozlash taklif qilindi 

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida jamoat transportlarini konditsionerlar bilan jihozlash haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda fuqarolar har kuni foydalanadigan jamoat transport vositalari: yo‘nalishli avtobus, mikroavtobus, "Damas" va yo‘nalishsiz taksi xizmati bilan shug‘ullanuvchi avtotransport vositalarini asosiy qismi konditsioner bilan ta'minlanmagan. 

“Bu, o‘z navbatida, issiq kunlarda fuqarolar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda, bundan tashqari ularning salomatligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, qon bosimi va boshqa kasalligi bor yo‘lovchilar transport vositasidagi harorat ortib ketishi natijasida katta qiyinchilikka duch kelmoqdalar. Bu holatni bartaraf qilish maqsadida, yo‘lovchilarimizga xizmat ko‘rsatayotgan barcha jamoat transport vositalariga konditsionerlarni o‘rnatishni taklif qilmoqchiman”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, konditsionerlar zamonaviy jamoat transportining ajralmas bo‘lagi bo‘lishi kerak. Konditsionerlar transport sohasining sifati oshishiga katta hissa qo‘shadigan omillardan biri ekani aytiladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda jamoat transportlarini konditsionerlar bilan jihozlashni taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.

Mavzuga oid