O‘zbekiston | 20:53 / 11.09.2019
65948
7 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'limda bir qator o‘zgarishlar va yangiliklar joriy etilmoqda. Talabalarni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Vazir o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov stipendiyaning qat'iylashtirilgan qiymati va uning joriy etilishini quyidagicha izohladi:

«Yangi joriy qilingan stipendiyali va stipendiyasiz o‘qish tizimi kech e'lon qilindi. Shunga qaramay, joriy yil sentabr oyidan bu tizm to‘liq ishga tushadi. Joylarda muammo bo‘lmasligi kerak. Qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya davlat budjeti asosida o‘qiydiganlar uchun ham, kontraktda o‘qiydiganlar uchun ham joriy etiladi».

Shuningdek, u oliy ta'lim muassasasida ta'lim olayotgan talabalar qo‘shimcha rag‘batlantirilishi, bu davlat budjeti va OTM maxsus fondidan amalga oshirilishini ta'kidladi.

Unga ko‘ra davlat grantida o‘qiydigan talabalar semestrni «4» va «5» bahoga o‘zlashtirsa, davlat budjeti hisobidan 50 foizgacha rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi.

Kontrakt asosida o‘qiydigan talabalar «4» va «5» baholarga o‘zlashtirgan taqdirda esa ularga Oliy ta'lim muassassida tashkil etiladigan fond hisobidan 50 foizgacha miqdorida rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi.

«O‘zlashtirishi yaxshi bo‘lgan, ilmiy va jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan talabalarga stipendiyaning 50 foizigacha (200 ming so‘mgacha) miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantirish berilishi mumkin. Bunday qo‘shimcha stipendiyani kimga berishni rektorlar hal qiladi. Bunday rag‘batlantirish mablag‘lari grantda o‘qiydiganlar uchun davlat budjetidan, kontraktda o‘qiydiganlar uchun esa OTMlarning har birida tashkil etiladigan fond hisobidan ajratiladi», degan vazir o‘rinbosari.

Bu tizim 1, 2 va 3-kurs talabalarining barchasi uchun ishlaydi. Bitiruvchi kurs talabalari eski stipendiya tizimida (ya'ni ular uchun avvalgidek «3», «4» va «5»lik stipendiya tartibi) o‘qishni davom ettiradi. Bitiruvchi kurslardagi tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lovi saqlab qolinishi faqat davlat granti asosida o‘quvchi talabalar uchun amalda bo‘ladi.

Shuningdek, qat'iylashtirilgan stipendiya faqat birinchi kurs magistrlar uchun amal qiladi. Magistratura ta'limidagi barcha bitiruvchilar eski tizim (o‘zlashtirishiga qarab) asosida stipendiya olishda davom etadi. Stipendiyali va stipendiyasiz o‘qish tizimi oshirilgan kontrakt asosida o‘qiydiganlar uchun ham joriy qilinadi.

Prezident stipendiyasi va boshqa nomdor stipendiyalarni olgan talablar uchun stipendiya miqdori saqlab qolinadi. Nogironlar, kam ta'minlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalar uchun ham OTM fondidan stipendiya qoplab beriladi.

«Jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda, qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya miqdori qayta ko‘rib chiqilishi ham mumkin», deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.

Talabalarga kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi

Qayd etilishicha, talabalarga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish, aholining keng qatlami uchun oliy ta'limning hammabopligini ta'minlash maqsadida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari ikki xil ko‘rinishda – «stipendiyali» va «stipendiyasiz» etib belgilandi.

Stipendiyasiz qiymat miqdorlari, har oylik talabaga to‘lanishi belgilanayotgan 400 000 so‘m, bir yilda jami 4 800 000 so‘mni chegirib tashlash hisobiga shakllantiriladi.

Misol uchun, bakalavriatning Gumanitar fanlar, Pedagogika, Texnika, Qishloq va suv xo‘jaligi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalar 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, quyidagi tartibda to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin:

Stipendiya bilan – 10 792 960 so‘m (Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 17 barobarida);

Stipendiyasiz – 5 992 960 so‘m (10 792 960 so‘m - 4 800 000 so‘m).

Bundan tashqari, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda yengillik yaratish maqsadida kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlari to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.

Yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini 18 foizga oshirilishida (indeksatsiya qilishda) asosiy omil sifatida, oliy ta'lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari, kommunal xizmatlar tariflari va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta'lim muassasalari xarajatlari daromadlariga nisbatan 74 foizga o‘sganligi inobatga olingan.

Shu bilan birga, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrov ko‘rsatkichi 2017/2018 o‘quv yilidagi 9 foizdan joriy o‘quv yilida 20 foizga ortganligi yoki talabalar kontingentining 126 ming nafarga ko‘payganligi oliy ta'lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2019/2020 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdorlarining o‘rtacha 18 foizga oshirilishi — bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatlarini qisman, ya'ni o‘rtacha 68 foizi qoplamoqda xolos (bunda xarajatlar qoplanishi o‘tgan yilgi darajada saqlab qolinmoqda), deyiladi vazirlik sharhida.

Davlat grantida o‘quvchi talabalar o‘zlashtirishi 30 foizdan past bo‘lgan holda stipendiyadan mahrum qilinadi

«Budjet asosida o‘qiydigan talabaning o‘zlashtirishi 30 foizdan past bo‘lsa, keyingi semestrdan boshlab stipendiyadan mahrum qilinadi», deya ta'kidlab o‘tgan vazirlikdagi boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyev.

Sirtqi va kechki ta'lim kontraktlari kamaytirildi

Joriy o‘quv yilida sirtqi va kechki ta'lim uchun kontrakt miqdori o‘tgan yilgiga qaraganda 35-40 foizga kamaytirildi. O‘tgan yili bu summa 9 mln so‘mga teng bo‘lgan, joriy yilda esa 6 mln 300 ming so‘m etib belgilangan.

Mavzuga oid