O‘zbekiston | 12:33 / 13.09.2019
43639
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston» mehmonxonasining sotilmayotganiga asosiy sabab nimada? Holat yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustda qabul qilingan “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 661-sonli qaroriga muvofiq, “Otel O`zbekiston” QK MChJning 80,13 foiz davlat ulushi modernizatsiya va rekonstruksiya qilish majburiyati bilan ommaviy savdolarga qo‘yilishi belgilandi. 

Mazkur davlat ulushi 33,0 mln. dollarni tashkil etib, 3 yil muddatda bo‘lib to‘lash hamda 2 yil ichida 100,0 mlrd. so‘m miqdorda investitsiya majburiyatlari kiritish sharti bilan tanlov savdolariga chiqarildi. 

Bugungi kunga qadar 50 dan ziyod mahalliy, xorijiy investor bilan muzokaralar olib borilganiga qaramay, hech qaysi bir investor tomonidan mazkur mehmonxona majmuasini sotib olish yuzasidan aniq takliflar berilmadi. 

Bino sotilmayotganining asosiy sabablari nimada? Narx-navo qaysi mezonlar asosida belgilangan? Investor va tadbirkorlarning talab va istagi nima? 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mazkur sotish mexanizmi 2003 yildan beri qo‘llanib kelinayotgan, avvalgi qonunchilik talablari hamda o‘sha kezdagi jamiyatning ta'sis shartnomasiga asosan, davlat ulushi 31, 6 mln. AQSh dollarini tashkil etgan va boshlang‘ich narxni ana shu qiymatdan pasaytirish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun savdolarning boshlang‘ich narxi 33,0 million dollar etib belgilangan. 

Qayd etilishicha, investorlar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mehmonxona joylashuvi qulay, sayyohlarni jalb etish borasida imkoniyatlari kengligiga katta qiziqish bildirilmoqda. Ammo, mazkur davlat aktivining narxi bugungi kundagi real holatiga nisbatan baland ekani, yillik daromadlar hisob kitob qilinganda ham uni qoplash uchun bir necha 10 yillar kerak bo‘lishi qolaversa, xonalar balandligi va kengligi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxonalar talabiga to‘g‘ri kelmasligi, bino qurilishida betondan foydalanilgani bois, uni buzib qayta qurishga ham juda ko‘p mehnat va mablag‘ sarf etilishini aytishgan. 

Aksariyat investorlar esa, jamiyatning to‘liq 100 foiz ulushini sotib olish istagini bildirishgan. Jamiyatning qolgan 19,87 foiz ulushi esa xususiy mulkka tegishlidir. Xususiy mulkni sotish yoki sotmaslik faqatgina jamiyat ta'sischilari tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Chunki u davlat himoyasida.

Ma'lumotga ko‘ra, ana shu omillar sababli, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, mazkur davlat aktivi sotilmayapti.

“Albatta yirik mulkiy majmualar, korxonalarning sotilishi bir muncha muddat va alohida yondashuv talab qiladigan jarayondir. Boz ustiga, iqtisodiyotda bozor “talab” va “taklif” tamoyillari asosida shakllanadi. Har bir investor korxona yoki obektga investitsiya kiritishidan oldin uning faoliyatini o‘rganib, moliyaviy tahlillar qiladi va to‘liq ishonch hosil qilgandan keyin sarmoya kiritishga qaror qiladi.

Davlatimiz rahbarining tegishli hujjatiga ko‘ra, oshkora savdolarda ikki oy mobaynida sotib olish bo‘yicha talabnoma tushmasa, narx bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi. Bugungi kunda O‘zbekiston mehmonxonasi kompleksining narxi 20 foizga pasaytirilib, 26,4 mln. dollar miqdorida qayta savdolarga chiqarildi va shu narxdagi tanlov 16 sentyabrda bo‘lib o‘tadi”, - deyiladi agentlik izohida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid