O‘zbekiston | 18:48 / 14.09.2019
4049
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Advokatlarni tadbirkorlik sub'yektiga tenglashtirish qonunga zid

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Advokatlar palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum imzolangan. Bundan sud-huquq sohasida islohotlarni yanada takomillashtirish, sud mustaqilligini ta'minlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, jazo tizimini liberallashtirish, yarashuv institutini kengaytirish kabi muhim vazifalar ko‘zlanadi, deb yozmoqda 1-darajali adliya maslahatchisi, “Adolat” SDP ekspertlar guruhi a'zosi Baxtiyor Ibrohimov.

Shu munosabat bilan, “Adolat” partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasiga advokatlar hamda advokatura tuzilmalaridan soliq undirish tizimini o‘zgartirib yengillik yaratish, ishlarni sud bosqichida ko‘rish jarayonida prokuror va advokatning tenglik prinsipini ta'minlash kabi vazifalar ham kiritilgan.

Prezidentning 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Natijada, amaldagi qonunchilikka bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joriy yilning 2 sentabr kuni yangi Soliq kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Advokatlar palatasi mazkur Soliq kodeksi loyihasining advokaturaga doir qismlari bilan kelishib bo‘lmasligini ma'lum qilib, o‘z munosabatini bildirdi.

“Adolat” SDP ham Advokatlar palatasi fikrini qo‘llab quvvatladi. Bildirilishicha, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi va “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunlarda advokatlik tuzilmalari (byuro, firma, hay'at) notijorat tashkilot hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Advokatlik tuzilmalari ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish kabi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaydi va ularni Soliq kodeksi loyihasida tadbirkorlik sub'yektiga tenglashtirilishi mutlaqo asossiz ekani aytiladi.

Advokatura tuzilmalari fuqarolarga jinoiy, ma'muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar yuzasidan huquqiy yordam ko‘rsatish, yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etiladi. Ular daromad (foyda) olishni ko‘zlamaydi hamda faoliyati davomida yig‘ilgan daromadni (foydani) o‘z a'zolari (ishtirokchilari) orasida taqsimlamaydi. Shuning uchun advokatlik tuzilmalarini hozirda amalda bo‘lgan Soliq kodeksida belgilanganidek, notijorat tashkilot sifatida soliq to‘lashdan ozod etish, advokatlardan esa daromad solig‘i undirish maqsadga muvofiqdir, deyiladi ma'lumotda.

Advokatlik tuzilmalari hisob raqamiga tushgan mablag‘ning 15 foizni ijtimoiy majburiy to‘lovlarga o‘tkazadi, bundan tashqari elektr energiya, issiq suv, sovuq suv, isitish, elektr energiya, telefon xizmati, ijara, hamda xodimlarga ish haqi kabi to‘lovlarni amalga oshiradi.

Soliq kodeksi loyihasidagi tartib joriy etilsa, advokatura sohasida korrupsiyaga yo‘l ochilib, daromadni yashirish holatlari ko‘payadi yoki advokatlik tuzilmalari inqirozga uchrab yopilishni boshlaydi va yana ham yomon jihati murojaat qilayotgan fuqarolar va yuridik shaxslardan ko‘proq pul undirishga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, yangi soliq kodeksi loyihasi qaytadan ko‘rib chiqilishi va bildirilgan e'tirozlar inobatga olinishiga umid qilamiz, deb yozadi ekspert.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid