O‘zbekiston | 11:00 / 15.09.2019
8650
4 daqiqa o‘qiladi

«Markaz-2019». O‘zbekiston harbiylari arqon tortishda birinchi bo‘ldi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Markaz-2019» strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvi doirasida o‘quv-amaliy mashqlarni bajarish maqsadida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Rossiya mudofaa vazirligidan jangovar va harbiy texnika hamda o‘q otish qurollarini vaqtinchalik qabul qilib oldi. Vaqtinchalik foydalanishga olingan qurol-aslaha va texnikalarga kunlik texnik xizmat ko‘rsatib kelinyapti. Barcha texnikalarga O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatildi.

Harbiy xizmatchilar taktik harakatlarni amalga oshirish, sinov mashg‘ulotlarida ishtirok etish bilan bir qatorda o‘zlarining jismoniy tayyorgarligini ham oshirib bormoqda. Erta tongdan olib borilayotgan jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari hamyurtlarimizni o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiy mashg‘ulotlarga har tomonlama toblamoqda. 

«Ta'kidlash kerakki, «Donguz» poligoni joylashgan hudud yurtimiz iqlimiga ancha yaqin ekan. Vaqt mezoni ham bir xil. Shu bois bu yerda bo‘lib turgan harbiylarimiz hech qanday noqulayliklarga duch kelmayapti.

Harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, xorij mamlakat armiyalari bilan o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash uchun o‘quv mashg‘ulotlari doirasida bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada hamyurtlarimiz mezbonlardan keyin ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tosh ko‘tarishda to‘rtinchi pog‘onani band etgan yurtdoshlarimiz arqon tortishda peshqadam bo‘ldi. Finalda musobaqaning eng kuchli jamoasi deya e'tirof etilgan rossiyalik harbiylar bilan duch kelgan vakillarimiz kuchli iroda va g‘alabaga bo‘lgan qat'iy ishonch tufayli qo‘li baland keldi.

Shuningdek, «Donguz» poligonida O‘zbekiston madaniyati kuni bayrami nishonlandi. O‘quvlarda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan va milliy ashula va raqslardan iborat konsert dasturi yig‘ilganlarni davraga chorladi. Dala oshxonasi ham shu kuni o‘zining haqiqiy qudratini namoyon etdi. O‘choqda pishgan milliy taomimiz – osh hammaning tilida bo‘ldi. «O‘zbeklardek oshni hech kim pishira olmaydi-da aslida», – deyishdi ishtirokchilar.

Bugun, 15 sentabr kuni «Markaz-2019» o‘quv mashg‘ulotining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etayotgan harbiy kontingentlar hamda harbiy texnikalar marsh bilan o‘tishadi», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «Markaz-2019» o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan «G‘urumsaroy» poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti ham o‘tkaziladi.

Mavzuga oid