Avtomobillarga uch foizlik yig‘imni xaridor emas, ishlab chiqaruvchi to‘laydi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 iyuldagi PQ–4397-son “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan ayrim talablar noto‘g‘ri talqin qilinish holatlari uchramoqda.
Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun uch foizdan iborat bo‘lgan yig‘im avtotransport vositalarini sotib oluvchilar tomonidan avtomobil xarid qilayotgan chog‘ida avtomobil narxi bilan birga amalga oshirishi lozimligi, buning uchun joriy yilning 1 oktyabriga qadar dilerlik korxonasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan, ammo hali avtomobilini olmagan xaridorlar bilan qo‘shimcha kelishuv imzolanishi hamda xaridor tomonidan mazkur to‘lov avtomobilni qabul qilib olish chog‘ida dilerlik korxonasiga to‘lanishi kerak haqidagi xabarlar tarqatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 iyuldagi PQ–4397-son “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi belgilangan.
Hozirda amalda bo‘lib turgan tartibga asosan yangi (avval foydalanilmagan) avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun to‘lov xarid narxidan uch foizdan iborat bo‘lib, avtotransport vositasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishida avtotransport vositasi egasi (foydalanuvchi) tomonidan to‘lanishi lozim.
Ya'ni avval avtomobil xarid qilayotgan avtomobil egasi ushbu avtotransport vositasini ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazayotganida uch foizlik yig‘imni to‘lab kelgan bo‘lsa, endilikda joriy yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositasi xarid qilinganlik uchun ushbu yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanadigan bo‘ldi.
Fuqarolik kodeksiga muvofiq qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Shartnoma tuzishga majbur qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi.
Shunga ko‘ra, shartnomada avtomobil uchun to‘lanadigan haq miqdorini o‘zgartirish nazarda tutilmagan bo‘lsa, u holda shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Buning uchun shartnoma bo‘yicha har ikkala tarafning roziligi talab etiladi, shartnoma tuzish burchi qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tanlov asosida diler korxonalar va sotib oluvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar tahlili shartnoma narxi faqatgina avtomobilga qo‘shimcha opsiyalar o‘rnatilganda o‘zgarishi mumkinligi belgilanganligini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, 1 oktyabrga qadar dilerlik korxonasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan, ammo hali avtomobilini olmagan xaridorlar bilan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun uch foizdan iborat bo‘lgan yig‘imni dilerlik korxonasiga to‘latish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv tuzishga bo‘lgan bir tomonlama urinish qonun hujjatlariga ziddir.
T.Azimov,
Adliya vazirligi mas'ul xodimi
Mavzuga oid
20:12 / 08.04.2024
Ramazon hayiti 10 aprel kuni nishonlanadi
15:56 / 01.02.2024
Xususiy maktablar ochishni rag‘batlantiruvchi choralar belgilandi
23:36 / 12.04.2023
Dala chetlarini o‘zlashtirish, ularda mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha prezident qarori imzolandi
21:38 / 29.03.2023