Sport | 11:15 / 21.09.2019
39828
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionatida final janglari. Hal qiluvchi bahslarda O‘zbekistondan eng ko‘p vakil

Bugun, 21 sentabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetadi va musobaqa g‘oliblari aniqlanadi.

20 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yarim final janglaridan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar vakili final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. E'tiborlisi, finalda eng ko‘p vakil O‘zbekistondan, mezbon Rossiyadan 3, Kubadan 2, Qozog‘istondan 2, shuningdek, Hindiston, AQSh, Angliya, Filippin va Ekvadordan 1 nafardan sportchi finalgacha yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi bu turnirga 8 nafar sportchi bilan tashrif buyurgandi. Elnur Abduraimov (-63 kg) va Sanjar Tursunov (-91 kg) saralashning ikkinchi bosqichida, Fanat Qahramonov (-75 kg) nimchorak finalda kurashdan chiqqan edi. -69 kg vazn toifasidagi Bobousmon Baturov esa yarim finalda buyuk britaniyalik tajribali bokschi Pet Makkormakka yutqazib, bronza medal bilan kifoyalandi. 

Ma'lumot uchun, 2017 yili Germaniyaning Hamburg shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar vakili (Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipov, Iqboljon Xoldorov va Shahram G‘iyosov) finalga yo‘llanma olgandi. O‘shanda faqatgina Shahram G‘iyosov oltin medal olgandi.

Final janglari:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov (O‘zbekiston) – Amit (Hindiston)
-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov (O‘zbekiston) – Lazaro Alvares Estrada (Kuba)
-63 kg: Endi Kruz (Kuba) – Keyshovn Devis (AQSh)
-69 kg: Andrey Zamkovoy (Rossiya) – Pat MakKormak (Angliya)
-75 kg: Gleb Bakshi (Rossiya) – Eumir Marsial (Filippin)
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov (O‘zbekiston) – Bekzad Nurdauletov (Qozog‘iston)
-91 kg: Muslim Gadjimagomedov (Rossiya) – Xulio Sezar Kastilo (Ekvador)
+91 kg: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Kamshibek Konkabayev (Qozog‘iston)

Janglar soat 19:00dan so‘ng boshlanadi.

Mavzuga oid