Sport | 14:03 / 21.09.2019
31526
6 daqiqa o‘qiladi

Krishtianu Ronaldu onasi, Messi bilan raqobat, hamda «Arsenal»ga o‘tmay qolgani haqida

Krishtianu Ronaldu mashhur jurnalist Pirs Morganning Good Morning Britain ko‘rsatuviga tashrif buyurdi va bir qator qiziq fikrlarni taqdim etdi. E'tiborga molik qismlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Onasi haqida

«Negadir u juda asabiylashadi. So‘nggi paytlarda men unga muhim o‘yinlarni tomosha qilishni taqiqladim. Do‘stlarimdan uning yonida bo‘lishni iltimos qilaman. Uyda tomosha qilsa, uyoqdan buyoqqa borib kelaveradi, stadionda esa, ikki marta hushidan ketdi. Onam juda xavotir oladi.

Men otamni yo‘qotdim, onamdan ham ayrilishni istamayman. Shuning uchun ham unga aytdim: «Yarim final va finallarni endi boshqa tomosha qilmaysiz».

Ayniqsa, o‘sha bir qizning nomusiga tegishda ayblanayotgan paytlarimda onamga qattiq ta'sir qildi.

«Oyi, o‘zingni bos, sen o‘g‘lingni bunday ish qilmasligini juda yaxshi bilasan», - dedim men. U biroz tinchlandi, ammo vaqtincha. Ko‘p yig‘ladi. Uning yoshida ko‘p narsani qabul qilish og‘irroq kechadi.

Onam – oilamning asosiy tayanchi, bugungi kunimga yetishishimda uning xizmatlari beqiyos.

Og‘ir kechgan bolalik

Men 11 yoki 12 yoshga kirgan paytlarimda pulimiz yo‘q edi. Biz boshqa bolalar bilan bolalar internatida yashardik va oilamizni uch oyda bir ko‘rardik, xolos. Kechki paytlarda, qornimiz ochqab qolar, stadion oldidagi «Makdonalds» eshigini taqillatib, burger so‘rardik.

U yerda Edna va yana ikki nafar qiz ishlardi. Men keyin hech qachon ularni ko‘rmadim, ammo qidirdim, Portugaliyadagi tanishlarimdan surishtirdim. Agar bu intervyu ham ularni topishimga yordam bersa zo‘r bo‘lardi. Men ularni Turin yoki Lissabonga kechki ovqatga taklif qilmoqchiman. Qandaydir tarzda minnatdorchilik bildirishni juda xohlayman.

Messi bilan raqobat

Chempionlar Ligasi qur'a marosimida u Messi bilan yonma-yon o‘tirdi. Kamera tez-tez ularning suhbatlashib, nimadandir kulishib o‘tirganlarini namoyish qildi.

«Ko‘pchilik tadbirda u bilan gaplashganimdan hayron bo‘ldi. Biz do‘st bo‘lmasak-da, ammo 15 yildan beri bir sahnadamiz. Munosabatlarimiz yaxshi. Shuni aniq bilamanki, u mening yaxshiroq bo‘lishimga, o‘sishimga sabab bo‘ldi, men ham unga ta'sir o‘tkazaman. Messi – men qarshi o‘ynagan futbolchilar ichida eng yaxshisi.

«Arsenal»ga o‘tmay qolgani haqida

2003 yilda «Manchester Yunayted» Krishtianuni «Sporting»dan sotib oldi. Hamma bu tarixni, shuningdek, uning «Arsenal» bilan ham kelishuvini ham yaxshi biladi. Ronaldu bu haqida ko‘p gapirib bergan, Morgan bilan intervyuda ham esga oldi.

«Xudoyim, albatta, bu rost. «Arsenal» uchun bir qadam qolgandi, ammo bu ish sodir bo‘lmadi»

Keyin «Arsenal» muxlisi sifatida nom qozongan Pirs unga «Ronaldu» ismi tushirilgan klub libosini taqdim etdi.

«Rahmat, Pirs. O‘sha paytlarda «Arsenal»ga o‘tmaganim uchun meni kechirasan, degan umiddaman», – dedi futbolchi.

«Albatta, ularning qiziqishlarini, bu yo‘ldagi harakatlarini qadrlayman. Ayniqsa, Arsen Vengerni. Ammo futbol ham hayotdagidek, keyin nima bo‘lishini bilmas ekansan»

Jorjina va oilasi haqida

«Jorjina – qalbimning ham, mening ham bir bo‘lagim. Albatta, uni sevaman. U ikki farzandimning onasi, shunga yarasha, e'tiborda bo‘lishga urinaman. Bu ajoyib. U mening do‘stim ham. Ko‘p gaplashamiz va hech kimga aytmagan sirlarimni, kechinmalarimni u bilan o‘rtoqlashaman. U ham shunday qiladi. Bu hayotimdagi eng buyuk muhabbat»

«O‘g‘illarim haqida aytsam, ular, umuman bugungi kun farzandlari ancha omadli. Bu avlod bizga o‘xshamaydi, bir paytlar biz tushimizda ham ko‘rmagan narsalar ularda shundoq ham bor. Bu yaxshi, lekin shu bilan birga, o‘g‘limning qiyinchilik ko‘rishini, ularni yengib o‘tishini ham istayman. Bu tarbiya».

Otasi haqida

Pirs unga otasining bir vaqtlar bergan intervyusini ko‘rsatdi, u yerda ota o‘g‘lidan faxrlanishini aytayotgandi. Ushbu videoni ko‘rib, Ronaldu yig‘lab yubordi.

«Men bu lavhani ilgari ko‘rmagan ekanman. Kechirasan, yig‘lab yuboraman, deb o‘ylamagandim. Men otam bilan deyarli gaplashmaganman, chunki u doim mast ahvolda bo‘lardi. Lekin munosabatlarim juda yaxshi bo‘lgan.

Men futbolda birinchi raqamli futbolchi bo‘lishga erishdim, lekin u ko‘ra olmadi. Oilam buning guvohi bo‘ldi, ammo otamga nasib etmagan ekan. Balki, u menga osmondan qarab turgani uchun shunday darajalarga yetishgandirman, kim biladi...»

Boyligi haqida

O‘ylashimcha, menda yarim milliard dollarga yaqin pulim bor, shundan umid qilaman. Bilaman, bu juda ko‘p aslida. Shuningdek, 17ta avtomobilim bor. Eng yaxshi ko‘rganimmi? «Rolls-Roys»da yurish yoqadi, juda qulay. Shuningdek, ikkita «Bugatti», ikkita «Maklaren» va ikkita «Ferrari» ham bor menda.

Mavzuga oid