Jahon | 19:51 / 25.09.2019
8812
2 daqiqa o‘qiladi

«Soyuz-FG» raketasi Boyqo‘ng‘irdan start oldi 

Rossiyaning “Soyuz-FG” raketasi “Soyuz MS-15” kemasi bilan birga Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan start oldi.

Raketa kosmodromning “Gagarin starti” deb ataluvchi 1-start maydonchasidan soat 18:57 da parvozni boshladi. Maydonchaning bunday atalishiga sabab bu yerdan o‘z vaqtida Yuriy Gagarin insoniyat tarixidagi koinotga ilk parvozni amalga oshirgan. 

Raketa Xalqaro koinot stansiyasi tomon rossiyalik fazogir Oleg Skripochka, NASA astronavti Jyessika Meir va BAAlik ilk fazogir Hazza al-Mansuriy bilan yo‘l oldi.

Keyinroq kema raketaning uchinchi pog‘onasidan Yerdan 200 km balandlikda ajrab, stansiya tomon mustaqil ucha boshladi.

“Soyuz MS-15” kemasi XKS tomon 6 soatlik sxema bo‘yicha uchib, stansiya bilan 00:45da tutashishi belgilangan.

Al-Mansuriy kemada 100 kmlik balandlikdan o‘tib, ilk BAAlik fazogirga aylandi. Xalqaro tasniflashga ko‘ra, koinotning 100 km balandlikdagi shartli chegarasidan yuqoriroq ko‘tarilgan inson fazogir yoki astronavt deb hisoblanishi mumkin. 

Parvozning yana bir e'tiborli jihati, ushbu parvoz “Soyuz-FG” raketasining 70- va oxirgi parvozi bo‘ldi. Ushbu raketada Ukrainaning boshqaruv tizimi qo‘llangan. Keyingi yildan “Soyuz”ning barcha kemalari to‘liq Rossiyada ishlab chiqarilgan boshqaruv tizimida ishlovchi “Soyuz-2.1a” raketalari yordamida uchiriladi.

Bundan tashqari, 1-start maydonchasi “Soyuz-2” avlodidagi raketalarni uchirish uchun modernizatsiyaga yopiladi. Modernizatsiya 3 yilga yaqin davom etishi kutilmoqda. Bu maqsadda 87 mln dollar sarflanadi.

O‘zini “arab Gagarini” deb atayotgan al-Mansuriy XKSda 8 kun qolib, 3 oktyabrda Yerga qaytadi. U bilan birga uchayotgan Skripochka va Meir orbitada 187 kun faoliyat yuritib, Yerga amerikalik fazogir Endryu Morgan bilan 2020 yil 30 martda qaytadi. 

Mavzuga oid