Qurolli Kuchlar davlat muzeyining virtual versiyasi yaratildi va videogid ishga tushirildi
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyining virtual versiyasi yaratildi. Endilikda istalgan foydalanuvchi Mudofaa vazirligining rasmiy veb-sayti orqali muzeydagi barcha eksponatlar bilan tanishishi mumkin, deb yozadi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti
Buning uchun “mudofaa.uz” saytiga kirish va u yerdan o‘rin olgan “Qurolli Kuchlar davlat muzeyi” tugmasiga bosish kifoya.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida muzey haqida batafsil ma'lumot beruvchi videogid tizimi joriy etildi. Endilikda tashrif buyuruvchilar muzey eksponatlarini shaxsiy smartfoni orqali ham tomosha qila oladi.
Qurolli Kuchlar davlat muzeyi 1965 yilda Markaziy ofitserlar uyi qoshida Turkiston harbiy okrugi jangovarlik shuhrati muzeyi sifatida tashkil etilgan. Umumiy maydoni 3 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, muzey hududidan 10 mingdan ziyod eksponatlar o‘rin olgan.
Muzeyning asosiy ish faoliyati ekspozitsiyalar (buyum-ashyolar, hujjatlar, jangovar mukofotlar va qurol-yarog‘lar) orqali yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Muzey binosi Mirzo Ulug‘bek tumanida – Mudofaa vazirligi binosi yonida joylashgan. Bino oldida “Vatanga qasamyod” haykali mavjud.
Bino 3 qavatdan iborat bo‘lib, ekspozitsiyalar uch harbiy tarixiy davrga bo‘lib yoritilgan.
Birinchi davr – “Temuriylar davridagi harbiy san'at (14-15 asrlar)” ga bag‘ishlangan. Amir Temurning harbiy sarkarda sifatidagi ko‘p qirrali faoliyati yoritib berilgan. Zal ekspozitsiyalari asosini “Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi uchinchi harbiy yurishi” batal dioramasi tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda “Amir Temur ot ustida” portreti, qurol-yarog‘ namunalari, bayroqlar, “Amir Temur davlati xaritasi”, nog‘oralar va h.k. o‘rin olgan.
Ikkinchi davr – fashizmga qarshi kurash (1941-1945 yillar) yillarida o‘zbek xalqining qahramonligiga bag‘ishlangan. Har bir ko‘rgazmada u yoki bu jangda qatnashgan o‘zbekistonlik askarlarning shaxsiy anjomlari, jangovar mukofotlari, hujjatlari va boshqa tarixiy buyumlar qo‘yilgan. Zal ekspozitsiyalari xronologik xarakterga ega bo‘lib, Brest qal'asi uchun bo‘lgan janglardan tortib to Berlingacha bo‘lgan janglarni o‘zida yoritgan hamda to‘liq ma'lumot berilgan.
Uchinchi davr “Mustaqil O‘zbekiston himoyasida” deb nomlanadi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topishi tarixi, uning qonuniy asoslari, qo‘shinlar tarkibi, harbiy hududiy bo‘linmalar – harbiy okruglar, ulardagi qism va qo‘shilmalarning jangovar tayyorgarligi, oliy harbiy bilim yurtlarida harbiy kadrlarni tayyorlash, shu bilan bir qatorda milliy armiyamizning xalqaro harbiy hamkorligi, tarbiyaviy, madaniy-ma'rifiy, sport hamda harbiy ommaviy axborot vositalari faoliyati keng yoritilgan.
Mavzuga oid
20:57 / 11.11.2024
Germaniya TIV rahbari mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi
19:02 / 28.10.2024
O‘zbekiston dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 20 talikka kirdi
18:22 / 18.08.2024
Tergov Shoyguning sobiq o‘rinbosarining boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligini tekshiradi
18:32 / 13.08.2024