Jamiyat | 20:06 / 27.09.2019
5311
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning eng yirik kutubxonasida qariyb 5 milliard so‘mlik ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda

Samarqand shahridagi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida «UZ PRO BULDING» MChJ tomonidan to‘liq mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Loyiha qiymati 4 milliard 962,2 million so‘mni tashkil qiladi.

«Bugungi kunda quruvchilar tomonidan binoning fasad qismiga zamonaviy pishiq g‘isht terib chiqilmoqda. Shuningdek, ma'nan eskirgan deraza va romlar to‘liq yangilanmoqda. Muassasa xizmatidan foydalanganlar yaxshi biladi — binoning poli qariyb yaroqsiz ahvolda edi. Ayni paytda nafaqat pol, shu bilan birga xonalarning shifti ham yangicha qiyofa kasb etmoqda.

Eng muhimi, axborot-kutubxona markazining havo aylanish tizimi to‘liq yangilanib, zamonaviy jihozlar o‘rnatilmoqda. Bu bilan ziyo maskanidagi 633 mingdan ziyod o‘quv va badiiy adabiyotlarni sifatli saqlash imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, elektr simlari yangilanib, bugungi kun talablariga javob beradigan santexnika vositalari o‘rnatilmoqda», — dedi viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi direktori Sahobiddin Arziqulov Kun.uz muxbiriga.

Markazda rekonstruksiya ishlari natijasida barcha qulayliklarga ega ma'muriyat xonalari, 5ta o‘quv zali tashkil qilinadi. Yil yakunigacha bu yerda 1ta xorijiy tillar, 1ta bolalar zali foydalanishga topshiriladi. Elektron adabiyotlardan foydalanish uchun 1 kompyuter zali hamda turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun 1ta faollar zali ham tayyorlanmoqda.

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shahodat Ahmedovning aytishicha, binoning fasadi Universitet xiyobonida joylashgan boshqa tarixiy binolar — SamDUning biologiya va filologiya fakultetlari binolariga hamda boshqa binolarga uyg‘unlashtirib qayta ta'mirlanadi. Fasad ta'mirlangach, uning mashhur pannosi o‘z joyiga qaytariladi.

Mavzuga oid