Bekoboddagi bolalar zaharlangan bog‘cha vaqtincha yopildi, mas'ul xodimlarga chora ko‘rilishi kutilmoqda
Maktabgacha ta'lim vazirligi Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq-ovqatdan zaharlanish holatini o‘rganib chiqdi.
«Joriy yilning 27 sentabr kuni Bekobod shahar tibbiy birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 19 nafar bola «O‘tkir diareya, gastroenterit» dastlabki tashxisi bilan keltirildi. Og‘ir holatlar qayd etilmagan, 3 bolaning holati o‘rta og‘irlikda, 15 nafariniki qoniqarli, bir bola uyga jo‘natilgan. Davolashdan so‘ng, bolalarning barchasida tuzalish tomon ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
Ushbu ma'lumot yetib kelgan zahoti, Bekobodga maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi jo‘natilgan.
Zaharlanish sababini aniqlash maqsadida suv, oziq-ovqat, oshxona jihozlari, xodimlar qo‘li va kiyimlaridan surtmalar, ovqatning sutkalik namunasi, shuningdek kasalxonaga yotqizilgan bolalardan analizlar olingan. Barcha materiallar Davlat Sanitariya-Epidemiologiya Markaziga yuborilgan.
O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:
• MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jihozlangan va ular ishchi holatida;
• xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar va sanitar kitobchasiga ega;
• MTT suv ta'minotida uzilishlar bo‘lib turadi. «Ariston» suv isitgichi ishchi holatida emas;
• dezinfeksiya va yuvish vositalarining zaxirasi mavjud bo‘lishiga qaramay xodimlar ularni ishlatishmaydi;
• guruhlarda emallangan idish-tovoq yetarli emas;
• guruhlarga ichimlik suvi qo‘yilmagan;
• 27 sentabr kun taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);
O‘tkazilgan tekshiruv jarayoni ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganini ko‘rsatdi.
MTT faoliyati va epidemiologik tekshiruv natijalari asosida rahbar, hamshira va oziq-ovqat bloki mas'ul xodimlariga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan ma'muriy choralar ko‘rilishi mumkin.
Ayni vaqtda Bekobodning 15-sonli MTsi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, tashkilotda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda», deyiladi vazirlik ma'lumotida.
27 sentabr kuni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 15-maktabgacha ta'lim muassasasida ikki nafar tarbiyalanuvchi va bir necha bolaning ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgan edi.
Ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vazirligi Bekobodda bog‘cha bolalari bilan ro‘y bergan holat nazoratga olinganini ma'lum qildi.
Shuningdek, Bosh prokuratura Bekoboddagi bog‘chada bolalarning ovqatdan zaharlanish holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni boshlagandi.
Mavzuga oid
17:21 / 07.11.2024
Farg‘onada to‘rt kishi ovqatdan zaharlandi
19:32 / 23.10.2024
AQShda McDonaldʼs chizburgerlaridan o‘nlab insonlar zaharlandi. Bir kishi vafot etdi
10:57 / 12.09.2024
Toshkentdagi Muhteshem doner kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
12:43 / 06.09.2024