Jahon | 23:47 / 30.09.2019
9616
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning sobiq eng boy odami yangi qamoq jazosiga tortildi

Foto: REUTERS

Rio-de-Janeyro shtati sudi bir necha yil avval Braziliyaning eng boy odami hisoblangan Eyke Batistani 8 yil 7 oylik yangi qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Globo nashri xabar berdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirkor bozor kotirovkalari bilan manipulyatsiya qilishda va noqonuniy yo‘l bilan olingan yopiq axborotdan foydalanishda aybdor deb topilgan. U ozodlikdan mahrum qilinishdan tashqari 118 mln real (28 mln dollar) miqdorida jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.   

Bu Batistaga chiqarilgan birinchi jazo hukmi emas. 2018 yil iyulda u korrupsiya va pul yuvganlik uchun 30 yillik qamoq jazosi va 53 mln real (12,7 mln dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. O‘shanda Batista turmaga jo‘natilgan, biroq hukm ustidan arz qilgach, sud yakuniy qaror chiqquncha uni uy qamog‘iga o‘tkazgan. Joriy yil avgustida tadbirkor yangi ayblov bilan yana hibsga olingan.

Forbes nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Batista 2011 yilda dunyoning eng boy odamlari reytingida 8-o‘rinni egallagan. U yaratgan biznes-imperiya neft qazib olish, tog‘-kon ishi, port xo‘jaligi, logistika sohalari va mehmonxona industriyasini qamrab olgan. Batista 2013 yilda qonun bilan muammolarga uchragach, boyligining 90 foizdan ko‘prog‘ini yo‘qotgan va Forbes reytingidan chiqarib yuborilgan.

Mavzuga oid