O‘zbekiston | 20:58 / 30.09.2019
19005
2 daqiqa o‘qiladi

Oktabr oyi boshida O‘zbekistonda salqin havo kuzatiladi

Oktabr oyining dastlabki kunlarida O‘zbekiston hududida salqin ob-havo kuzatiladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar bermoqda.

«Sentabr oyining oxirgi kunlarida haqiqiy kuz ob-havosi o‘zini namoyon qildi. Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga Qozog‘iston g‘arbidan salqin va nam havo oqimlari kirib keldi. Ushbu havo oqimi ta'sirida 29 sentabr kuni Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati, 30 sentabr kuni kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand,  Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qisqa muddatli, Toshkent viloyatining tog‘oldi va tog‘li tumanlarida o‘rtacha jadallikda yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Respublika hududi bo‘ylab shamol kuchayib, ayrim joylarda uning tezligi sekundiga 15-20 metrni tashkil qildi. Bugun kunduzgi harorat 18-23 darajagacha pasaydi», deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Oktabr oyining birinchi kunida salqin va nam havo oqimining ta'siri hali saqlanib turadi. 1 oktabr kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa sutka davomida yomg‘ir kuzatilishi mumkin. Havo harorati kechasi 8-13 daraja, kunduzi 18-23 daraja bo‘ladi.

Chorshanba kunidan haftaning oxirigacha mamlakatimiz hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.  Faqat 2 oktabr kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

2-5 oktabr kunlari harorat kechasi 10-13 daraja, kunduzi 22-25 daraja bo‘ladi. Bunday harorat foni ushbu davr uchun xos bo‘lgan o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2-4 darajaga salqindir.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid