OTB O‘zbekistonda veterinariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun kredit ajratdi
Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) O‘zbekistonga chorvachilik sohasidagi fermerlar va tadbirkorlarning moliyaviy resurslar, bozorlar, veterinariya va jonivorlar salomatligini saqlash bo‘yicha boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 150 million dollar miqdorida kredit ajratilishini ma'qulladi.
"O‘zbekistondagi chorvadorlar va tadbirkorlar fermer xo‘jaliklari hamda ularning faoliyati, mahsuldorligi va daromadligini kengaytirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar. OTBning ko‘magi ushbu sektor duch kelayotgan ba'zi to‘siqlarni olib tashlashga yordam beradi va hukumatning qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va innovatsiyalar bo‘yicha strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi", dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyoda tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha bosh iqtisodchisi Buy Min Jiap.
Chorvachilik sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u mamlakat qishloq xo‘jaligining 40 foizini va yalpi ichki mahsulotning qariyb 8 foizini tashkil etadi. Biroq 2017 yilda O‘zbekistonda chorvachilik mahsulotlarining savdo defitsiti 75,2 million dollarni tashkil etdi. Chorvachilik tarmog‘idagi ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar moliyalashtirishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda, chunki mahalliy banklarning chorvachilik uchun kreditlari ularning umumiy portfelining atigi 1 foizini tashkil etadi. Ish kuchi va resurslarning yetishmasligi tufayli fermerlar va tadbirkorlar veterinariya xizmatlaridan foydalanish va chorvachilik sohasida tadqiqot o‘tkazishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
OTB chorvachilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasini moliyalashtirish uchun ajratilgan umumiy mablag‘ning 146 million dollari ishtirok etuvchi moliya institutlariga ajratiladi, ular orqali ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar, xomashyo va xizmatlarni yetkazib beruvchilar (shu jumladan veterinariya xizmatlari) uchun taqdim etiladi. Sub-qarz oluvchilarning maksimal aktivlari murojaat qilish paytida 50 million dollar bo‘lishi lozim va ular chorva mollarini ishlab chiqarish, sotish, qayta ishlash, yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishda ishtirok etishlari kerak. Moliyaviy manbalardan foydalanishning yaxshilanishi sektorning samaradorligi, salohiyati va barqarorligini oshiradi.
Loyihada 4 million dollar miqdoridagi mablag‘ O‘zbekistonda xususiy veterinariya amaliyotini rivojlantirishga, shu jumladan klinik veterinariya xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek hayvonlarni davolash, sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatlar berish va dori-darmonlar uchun sarflanadi. Xususan, bu davlat va xususiy sektorda veterinariya mutaxassislari uchun ta'lim va o‘quv dasturlarini o‘z ichiga oladi. Loyiha, shuningdek, chorvachilik sektorini kreditlash strategiyasini ishlab chiqishda va individual kredit mahsulotlarini yaratishda ishtirok etayotgan moliyaviy institutlarning imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi.
Loyiha 2024 yil oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
21:15 / 08.10.2024
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yangi elektr tarmog‘i quriladi
09:30 / 20.09.2024
OTB O‘zbekistonda mikrokorxonalarni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratadi
20:17 / 17.09.2024
Eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan - Qonunchilik palatasi
16:54 / 17.09.2024