20:11 / 02.10.2019
0
14677

Vetnam aholisiga yaqin kunlar ichida ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi

Vetnam hukumati aholiga havoda mayda chang miqdori yuqori bo‘lishi sababli yaqin kunlar ichida ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi. Aholiga, ayniqsa, yosh bolalar, keksa kishilar, homilador ayollar va nafas yo‘li kasalliklariga ega odamlarga uylarini zaruriyatsiz tark etmaslik tavsiya qilingan.

Mamlakatning ikkita yirik shahri – Xanoy va Xoshiminda PM2.5  zarralari miqdori havoda avgustdan beri muntazam oshib bormoqda va barcha mumkin bo‘lgan me'yorlardan o‘tib ketgan.

RM2.5 havo ifloslantiruvchisi hisoblanib, uning tarkibiga ham qattiq mikrozarralar, ham mayda tomchilar kiradi. Ularning har ikkisi 10 nmdan 2,5 mkmgacha o‘lchamda bo‘ladi. Vetnamda bu zarralar ushbu hududda tugamayotgan yong‘inlar qurumi bo‘laklari hisoblanadi.

Havo sifatini nazorat qiluvchi mustaqil monitoring tashkiloti Air Visual ma'lumotlariga ko‘ra, 1 oktyabrda Xoshiminda zararli zarralar miqdori kub metrga 80 mikrogrammni, Xanoyda esa 180 mikrogrammni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xanoy havosi ifloslangan dunyodagi eng yomon shahar bo‘ldi. Biroq bu “yetakchilik” 1 oktabr kechasi Dubayga o‘tdi.  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, PM2.5 zarralarining inson sog‘lig‘i uchun mumkin bo‘lgan havodagi miqdori kub metrga 10 mikrogrammdan oshmasligi kerak.

Vetnam atrof-muhit boshqarmasi havoning bunday yuqori darajada ifloslanishini fermerlik maydonlarida o‘tning yondirilishi hamda mintaqada yuz bergan kuchli yong‘inlar bilan tushuntirgan. Oxirgi bir necha hafta davomida butun Janubi-Sharqiy Osiyo Indoneziyadagi o‘rmon yong‘inlari sababli havo ifloslanishidan aziyat chekdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top