O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qator OAV vakillari uchun «Navoiy» aeroportida xalqaro kurerlik jo‘natmalari (XKJ) ishlovi vaqtincha to‘xtatilgan bojxona postiga press-tur tashkil etildi.
Unda qatnashgan «Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 120 ga yaqin kompaniya XKJ tashish bilan shug‘ullanadi. Deyarli butun dunyoni zabt etgan elektron tijorat va xizmat ko‘rsatish sohasi kelajakda nafaqat iste'mol tovarlari importi, balki mahalliy mahsulotlar eksporti hajmi va geografiyasini oshirish borasida mamlakat uchun yangi imkoniyatlar haqida gapirishga ham imkon beradi.

O‘zbekiston hududida aynan xalqaro kurerlik va pochta jo‘natmalarini bojxonada rasmiylashtirish maxsus bojxona zonalarida amalga oshiriladi. Hamma transport vositalari orqali «O‘zbekiston pochtasi» manziliga kelgan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari Markaziy shimoliy vokzal hududida, 2016 yil fevral oyidan boshlab «CRT-pochta» manziliga o‘tkazilgan "Bosh pochtamt" bojxona postida esa avia aloqa va avtotransport orqali yetib keladigan xalqaro kurerlik jo‘natmalari rasmiylashtiriladi.
2018 yil avgust oyida Toshkent shahridagi aeroport bandligini kamaytirish va «Navoiy» aeroportining logistika markazi tariqasidagi maqomini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Turkish Airlines» kompaniyasining muntazam reyslari Navoiy aeroportiga o‘tkazilgandi. Shu tariqa xalqaro kurerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati Navoiy xalqaro intermodal logistika markazi (XILM) hududida 1 gektar maydonni egallagan yuk terminalida amalga oshirila boshlandi. Bu yerda tijorat kargo-yuklarining katta miqdordagi partiyalari yetkazib berilar va tushirilardi. Bir yil davom etgan kurerlik yuklarining bojxona nazorati shu yilning sentyabridan tezkorlik bilan Toshkentga o‘tkazildi.
Tomdan chakki o‘tishi natijasida qimmatbaho uskunalarga zarar yetmoqda
Press-turda «Navoiy» aeroporti bojxona boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ishonqulov mazkur holat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
- O‘tgan yilning sentabr oyida biz uchun ajratilgan 300 kvadrat metr maydondagi yuk kargo-terminalida ko‘ruv tizimini yo‘lga qo‘ydik. Ammo «Navoiy» aeroporti direksiyasi xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini boshqarish va rasmiylashtirish uchun tegishli shart-sharoitlarni taqdim eta olmagani bois joriy yil sentabr oyida bojxona posti ishi vaqtincha to‘xtatilgandi. Vaholanki, bu masala O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham ko‘tarilgan edi. Shu sababli Turkiyadan «Navoiy» aeroportiga kelgan barcha xalqaro kurerlik yuklari muhrlanadi va nazorat ostida yer usti transporti orqali majburiy bojxona ko‘rigidan o‘tish uchun vaqtincha Toshkentga yo‘naltirilmoqda.













