Tibbiyot xodimlarining xavfsizligini oshirish taklif etilmoqda
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta'minlash haqida petitsiya e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda tibbiyot xodimlariga bo‘lgan tajovuzkorona harakatlar tobora ko‘payib bormoqda. Tez tibbiy yordam hamshiralari chaqiriqqa borganda uyda zo‘ravonlik bilan ushlab qolinmoqda, shifokorlar haqorat qilinmoqda, ularga ish joyida va chaqiriqlar vaqtida turli xil tan jarohatlari yetkazilmoqda.
“Buning natijasida, tibbiyot xodimlari o‘z ish joyida ishlashdan qo‘rqib qolishmoqda, chaqiriqqa borish esa har safar ularning jonini xatarga qo‘yish bilan barobar bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, bemorlarga gospitalizatsiya (kasalxonaga yotqizish) talab qilinganda ham oila a'zolarining qarshiligi tufayli bu ish amalga oshirilmaydi va keyinchalik, agar bemorning ahvoli og‘irlashsa, bunga shifokor aybdor bo‘lib qoladi. Bu holatda ham shifokorlarga turli tazyiqlar o‘tkazish holatlari uchramoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi.
Bildirilishicha, yuqoridagi holatlar tibbiyot xodimlarining o‘z ishiga sodiqligi va ishtiyoqini yo‘qqa chiqarishi, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat izdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, quyidagi ishlar amalga oshirilishi so‘ralgan: birinchidan, tibbiyot xodimlariga bo‘lgan tajovuz rasman ichki ishlar tizimi xizmatchilariga bo‘lgan qarshilik yoki tajovuz kabi baholansin. Chunki tez tibbiy yordam xodimlari ham ichki ishlar xodimlari kabi ko‘pincha asabiy holatlarda ishlashiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun murojaat tushgan uyga tez tibbiy yordam brigadasi bilan bir qatorda uchastka noziri yetib kelishi majburiy qilinsin. Uchinchidan, tibbiyot xodimiga bo‘lgan qo‘pol munosabat yoki haqoratlar uchun oshirilgan miqdorda jarima, yetkazilgan tan jarohati uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilansin.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda keltirilgan takliflar amalga oshirilsa, tibbiyot xodimlariga bo‘lgan zo‘ravonliklarning oldi olingan bo‘lar edi. Shu bilan birgalikda, tibbiy xizmat ko‘rsatishning sifati ham oshib, aholiga malakali yordam ko‘rsatish ta'minlanar edi”, - deyiladi petitsiya matnida.
Mavzuga oid
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
08:34 / 16.05.2024
Soliq qo‘mitasiga eng ko‘p murojaat qaysi hududlardan kelib tushayotgani aytildi
15:07 / 10.04.2024