Iqtisodiyot | 14:48 / 15.10.2019
4330
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiy kengashga a'zo davlatlar ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tdi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 15 oktabr kuni Boku shahrida Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashining VII sammiti doirasida Kengashga a'zo davlatlarning ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Biznes forumda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarning 600 nafardan ortiq tadbirkorlari va investorlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida vazirlar va savdo-sanoat birlashmalari rahbarlari, shu jumladan, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Kengash davlatlari bilan o‘zaro savdo hamda iqtisodiy hamkorlikning ustivor yo‘nalishlari bo‘yicha ma'ruza qildi.

Uchinchi davlatlar bozoriga chiqish istiqboli bilan yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga mo‘ljallangan investitsiyaviy hamkorlik sohasiga katta urg‘u berildi.

Transport va logistika sohasida davlatlararo mustahkam hamkorlikning dolzarbligi alohida aytib o‘tildi. Bu o‘z navbatida o‘zaro savdo va sayyohlar oqimini jadallashtirishga sezilarli darajada hissa qo‘shadi.

Shuningdek, forum doirasida tadbirkorlarning B2B formatidagi sessiyalari va manzilli uchrashuvlari tashkil etildi. Bu Kengashga a'zo davlatlar vakillariga qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun biznes g‘oya almashish va aloqa o‘rnatish imkonini beradi.

Shuningdek, Kengashga a'zo davlatlarning Savdo-sanoat palatalari hamda biznes birlashmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlovchi qator hujjatlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Turkiy kengash doirasida qaysi sohalarda hamkorlikdan manfaatdor ekani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid