Amerikaning eng yirik aviakompaniyalari samolyot o‘rindig‘idagi monitorlardan nega voz kechmoqda?
Amerikaning eng yirik aviatashuvchilaridan uchtasi mahalliy reyslardagi yo‘lovchi monitorlarini olib tashlamoqda. Bu qaror ularga ma'lum mablag‘ni tejab qolish imkoni, yo‘lovchilarga esa noqulaylik tug‘diradi.
AQShning eng yirik aviakompaniyalaridan uchtasi mahalliy reyslar uchun mo‘ljallangan samolyotlari o‘rindiqlaridan yo‘lovchi monitorlarini olib tashlamoqda. American Airlines, United Airlines va Alaska Airlines parvozlar vaqtida yo‘lovchilarga shaxsiy mobil qurilmalaridan foydalanishlarini tavsiya etyapti.
Tabiiyki, yirik aviatashuvchilarning bu qarori mijozlarda e'tiroz uyg‘otmoqda. «Demak, o‘z telefonim biznes-klassda monitor vazifasini bajarar ekan-da? Xizmat sifati deganda nimani tushunishingizni bilib olganimdan xursandman», deb kinoya qiladi tvitter foydalanuvchilaridan biri. Boshqa bir mijoz esa samolyotda o‘tirib, qarshisidagi o‘rindiq ortida yo‘q monitorni bor deb tasavvur qilayotgani haqida istehzoli video yuklagan.
Time jurnali ma'lumotiga ko‘ra, aviakompaniyalar yillar davomida o‘rindiqlar orasidagi masofani toraytirib kelyapti. 2000 yillar boshlarida ekonom-klassdagi o‘rindiqlarni o‘rtacha 86-89 sm ajratib turgan bo‘lsa, hozirda bu masofa 76-79 sm.gacha qisqargan. Qisqa masofaga parvoz qiluvchi laynerlarda bu oraliq 71 sm bo‘lishi hollari ham uchrab turadi.
Shunday sharoitda, har bir yo‘lovchi uchun individual monitorlar o‘rnatilgani parvozning qulay o‘tishiga ancha hissa qo‘shgan edi. Xo‘sh, unday bo‘lsa, sezgir displeylarning olib qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri qaror bo‘ldi? Bloomberg mazkur yangilikning ijobiy va salbiy jihatlarini sanab o‘tdi.
Ijobiy jihatlar:
– Arzonroqqa tushadi. The New York Times`ning yozishicha, birgina o‘rindiq ortiga o‘rnatiladigan monitor narxi 10 ming dollargacha tushishi mumkin. Bu esa, odatiy Boeing 737 samolyotining barcha yo‘lovchi o‘rindiqlarini shunday ekran bilan jihozlash uchun 1,7 mln dollardan ko‘proq pul ketishini anglatadi. Boz ustiga, monitor texnologiyalari tezda o‘zgarib boryapti – monitor yo‘qmi, o‘z-o‘zidan uni takomillashtirib borish xarajatlari ham bo‘lmaydi.
– Monitorlarni olib tashlash samolyot vaznini kamaytiradi, natijada parvoz uchun kamroq yoqilg‘i sarflanadi.
– «Amerika uchun havo yo‘llari» kasaba uyushmasi tomonidan 2018 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, samolyot ichidagi ko‘ngilochar qulaylik va imkoniyatlar – mijozlar parvoz chiptasini sotib olayotgan vaqtda hisobga oladigan jihatlar ro‘yxatida oxirgidan ikkinchi o‘rinda turadi. So‘nggi o‘rinda – aviakompaniyaning ekologik mas'uliyatlilik darajasi.
– American Airlines vakilining aytishicha, AQShda havo transporti yo‘lovchilarining 50 foizidan ko‘prog‘i kamida ikkita elektron qurilma bilan (telefon va yana bir qurilma) samolyotga chiqadi. Aviakompaniya rasmiysiga ko‘ra, yo‘lovchilarning ko‘pchiligi qarshisidagi monitordan foydalanmaydi, ularning aksariyati o‘zgarishni shunchaki sezmay qolishlari ham mumkin.
Salbiy jihatlar:
– Film ko‘rsa bo‘ladigan katta ekranli gadjetlarga hammaning ham qurbi yetmaydi. Pew tadqiqot markazi ma'lumotiga ko‘ra, AQShda yillik daromadi 30 ming dollardan kam bo‘lgan oilalarning 46 foizida kompyuter yo‘q. Bu toifadagi har 10 voyaga yetgan kishining 3 nafarining smartfoni ham yo‘q. Quyi daromadli oila vakillari samolyotda tez-tez parvoz qilib turmasligi mumkin, lekin ular ba'zan chipta olishganida ham ekonom-klassdan olishadi, bu klassda esa tor o‘rindiqda oyoqni uzatib bo‘lmasligini qayta-qayta esga olavermaslik uchun film ko‘rib chalg‘ish imkoniyati yo‘q.
– Samolyot ichidagi wi-fi narxi ba'zida 30 dollargacha yetishi mumkin. (Bu muammoni ba'zi aviakompaniyalar tekin internet taklif qilish bilan hal etishmoqda).
– Yo‘lovchi endi bir vaqtning o‘zida ham ovqatlanib, ham film ko‘rib ketishi qiyin. O‘rindiqlarga o‘rnatilgan yig‘ma barkash (tokcha) ustiga iPad yoki leptopingizni qo‘yib, kino ko‘rayotgan bo‘lsangiz, yegulik olib kelishganida gadjetni bir chetga surib qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi.
Xulosa qilib aytganda, AQSh aviakompaniyalari mahalliy parvozlar uchun samolyotlarida individual monitorlardan voz kechayotgani avvalo ularning o‘zlariga foyda, mijozlarga emas.
Mavzuga oid
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024