O‘zbekiston | 11:10 / 18.10.2019
1966
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy va chel el investorlari uchun yagona huquqiy rejim joriy etiladi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda mahalliy va chel el investorlari uchun yagona huquqiy rejim joriy etiladi. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Yuridik boshqarmasi katta referenti Nurali Ollaberganov xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritildi. 

Mazkur qonun loyihasining maqsadi xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shuningdek, mahalliy va xorijiy investorlar uchun teng sharoitlar yaratish, investitsiya faoliyati sohasida normalarni yagona qonunchilik hujjatida birlashtirish, bu orqali investorlarga yanada qulay bo‘lgan ish sharoitlarini yaratish, turli xil byurokratik to‘siqlarga barham berish, hududiy investitsiya siyosatini olib borishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rolini kuchaytirishga erishish loyihaning asosiy g‘oyalarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, loyihada milliy qonunchilikda mavjud bo‘lmagan  bir qator yangiliklar ko‘zda tutilgan. Xususan, loyiha yagona qonun doirasida investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni birlashtirishni, xalqaro tajribani o‘rganish natijasida investorlar va investitsiyalarni himoya qilishga qaratilgan yangi normalarni joriy etishni nazarda tutadi. 

Shuningdek, unga ham mahalliy, ham chel el investorlari uchun yagona huquqiy rejimning joriy etilishi, investorlar uchun investitsiya vizasi, investitsion soliq kreditlari va subsidiyalar, ma'naviy zararni qoplash singari yangi tushunchalar kiritilgan.

Shu bilan birgalikda, qonun loyihasida e'tibordan chetda qoldirilgan bir qator jihatlar ham mavjud. Xususan, loyihaning 15-moddasi 3-xatboshisi o‘zbek tilidagi matnida ko‘chmas va boshqa turdagi mulk va ularga bo‘lgan huquqlar investitsiya manbalari sifatida e'tirof etilmoqda.

Konstitutsiyaning 49-moddasida madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasida ekani, “Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasida davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi qayd etilgan.

Qonun loyihasidagi mazkur norma bosh qomus va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilishi zarur. Ana shunda ertaga biror sarmoyador, deylik, “Abdullaxon” yoki “Registon” maydonidagi madaniy meros obektlariga investitsiya kiritish sharti bilan ularni sotib olish yoki ijaraga olishga da'vogar bo‘lib chiqmaydi, deydi N. Ollaberganov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid