Jamiyat | 15:43 / 21.10.2019
63426
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways’ning Nyu-York - Toshkent yo‘nalishida parvoz qilgan samolyoti bortida yo‘lovchi to‘polon ko‘tardi

Foto: KUN.UZ

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Nyu-York-Toshkent yo‘nalishi qatnovi bilan parvoz qilgan yo‘lovchi samolyot bortida to‘polon qildi. Bu haqda aviakompaniya xabar bermoqda.

21 oktabr kuni Nyu-York-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz amalga oshirgan HY102 qatnovini poytaxt aeroportida transportdagi tarmoq ichki ishlar bo‘limi xodimlar kutib olishgan.

Mast holatda bo‘lgan 51 yoshli erkak samolyot bortida to‘polon ko‘tarib, o‘z joyini egallash haqidagi tanbehlarga e'tibor bermasdan, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan bortkuzatuvchilarni va atrofda o‘tirgan yo‘lovchilarni haqorat qilgan.

U o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan parvoz xavfsizligini, shu bilan birga barcha yo‘lovchilar va ekipajning hayotini xavf ostiga qo‘ygan. 

«Qatnov yo‘lovchilari ekipajga yordam ko‘rsatdilar va qoidabuzarni o‘rindiqqa bog‘lab qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahriga yetib kelgandan so‘ng aviato‘polonchi transportdagi tarmoq ichki ishlar bo‘limi xodimlariga topshirildi», - deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways yo‘lovchilardan «Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari» bilan yana bir bor tanishib chiqishni va ularga rioya qilishni so‘ragan.

«Qatnov yo‘lovchilaridan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, ekipajga ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildiramiz», - deya yakunlangan ma'lumot.

Mavzuga oid