O‘zbekiston | 08:53 / 23.10.2019
4781
8 daqiqa o‘qiladi

Adliya organlari faoliyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilanadi 

Foto: Shutterstock

Adliya organlari faoliyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilanadi. Prezidentning “Adliya organlari va muassasalarini 2030 yilgacha rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Adliya organlari faoliyatini rivojlantirishning quyidagi strategik yo‘nalishlari belgilanadi:

a) yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish va yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta'minlash sohasida:

huquqiy munosabatlar haddan tashqari ortiqcha tartibga solinganligining oldini olish, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi tartib-tamoyillarni soddalashtirish bo‘yicha huquq ijodkorligining yangi modelini joriy etish;

“sifatsiz normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan ko‘ra huquqiy asoslarni mavjud emasligi afzal”, “jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga har qanday tartibga soluvchi aralashuvning asosli va yetarli sabablari bo‘lishi lozim” tamoyillarini amalga oshirish va qonun ijodkorligi faoliyatiga tatbiq etish;

huquqiy aniqlikni, tartibga soluvchi va ma'muriy xatti-harakatlarning oldindan prognoz qilinishini o‘rnatilishi davlat organlari faoliyatining eng muhim prinsiplaridan biri bo‘lib, shu asosda ularning ish samaradorligini baholash;

b) ma'muriy tartib-taomillar va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida:

jismoniy va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda berilgan vakolatlardan foydalanishda barcha ma'muriy organlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunining asosiy prinsiplari va normalarining amalda qo‘llanilishini ta'minlash;

davlat xizmatlarini olishning avtomatik, elektron tartibini joriy etish, ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda videokonferensiya hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan yanada kengroq foydalanish;

ma'muriy tartib-taomillarni optimallashtirish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, hududlararo hamda davlat miqyosida yuzaga keladigan muammolarga o‘z vaqtida va adekvat javob berish uchun samarali axborot almashish tizimini shakllantirish;

v) aholining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot va huquqiy axborotni tarqatish bo‘yicha ishlarni tashkil etish sohasida:

jamiyat va davlat xizmatchilari o‘rtasida turli masalalarni huquqiy vositalar asosida hal etish madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, “jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish – demokratik huquqiy davlat qurish garovidir” tamoyilini amalda qo‘llash;

jamiyatda keng tarqalgan muammolarni hal qilishning huquqiy vositalarini, shu jumladan, sud amaliyotini tahlil qilish orqali tushuntirish uchun maqsadli targ‘ibotni amalga oshirish;

davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasiga minimal talablar ishlab chiqilishini va ularning keng tarqatilishini tashkil etish;

huquqiy targ‘ibotning eng zamonaviy va samarali usullaridan foydalangan holda, shu jumladan, “Street law” dasturini ommalashtirish orqali huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha turli ijtimoiy qatlamlar bilan maqsadli ish olib borish;

aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishni har tomonlama tahlil qilish va baholash orqali amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini kuzatish uchun doimiy ravishda jamoatchilik bilan muhokama qilish;

g) yuridik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishni takomillashtirish sohasida:

o‘rta maktab va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining yuqori sinflari uchun “Har kunlik huquq” yo‘nalishi bo‘yicha darsliklar yaratish va nashr etishni tashkil etish;

mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kadrlar tayyorlash uchun o‘qitishning innovatsion usullarini joriy etish, yuridik kollejlarda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash ko‘lamini kengaytirish;

Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyat doirasi va ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, yangi oliy o‘quv yurtlarini, shu jumladan, xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallarini tashkil etish masalasini o‘rganish orqali oliy yuridik ta'lim ko‘lamini kengaytirish;

zamonaviy talablarni hisobga olgan holda (IT-huquq, yuristlarga buxgalteriya hisobi va h.k.) huquqiy muammoli savollarni aniqlashga qaratilgan har yili o‘tkaziladigan tizimli tahlil asosida huquqshunoslarni amaliyotga yo‘naltirish hamda malakasini oshirishning yangi dasturlarni joriy etishni ta'minlash;

yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

d) jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimining samarali ishlashini ta'minlash sohasida:

iqtisodiy, oilaviy, meros, uy-joy va boshqa nizolarning oldini olish uchun notariuslarning shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish amaliyotini kengaytirish;

notarial xizmatlardan foydalanish darajasi va sifatini oshirish maqsadida notarial idoralarning nodavlat shaklini bosqichma-bosqich joriy etish va izchil rivojlantirish;

advokatlik institutini rivojlantirish, sudgacha va sud jarayonlarida advokatning vakolatlarini kengaytirish va mustahkamlash orqali advokatlik kasbining jozibadorligi va obro‘sini oshirish;

davlat organlari faoliyatida qonun ustuvorligi prinsipini amalda ro‘yobga chiqarish hamda ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda faol ishtirokini ta'minlash hisobidan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari faoliyatini takomillashtirish;

ye) intellektual mulkning huquqiy himoyasini ta'minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rish sohasida:

O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarni sifatli bajarilishini ta'minlash;

intellektual mulk egalarining huquqlarini himoya qilish maqsadida intellektual mulkni huquqiy himoya qilish tizimini modernizatsiya qilish va patentdan besamar foydalanishni oldini olish choralarini ko‘rish (Patent trolling);

intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday ko‘rinishlariga, qalbaki mahsulot va parallel importga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish;

intellektual mulkni tijoratlashtirish tizimini takomillashtirish;

j) sud-tibbiyot ekspertizasi faoliyati sifatini doimiy ravishda oshirib borish sohasida:

zamonaviy talablar va ilg‘or xalqaro tajribani, shuningdek, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-tibbiyot muassasalarida sud ekspertizalarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish;

sud-tibbiyot amaliyotiga yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, ekspert tadqiqotlarining turlari, xususan, sud-psixologik va sud-elektrotexnik ekspertizalari, oziq-ovqat mahsulotlarining sud-tibbiy ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish;

sud-meditsina faoliyati sohasida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan nodavlat sud-tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish.

Strategiyani bajarish uchun qabul qilinadigan operatsion rejalarni moliyalashtirish manbalarini etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari;

budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining budjetdan tashqari boshqa mablag‘lari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2020 yil 1 yanvardan boshlab sinov tariqasida, Ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimidan foydalangan holda, ish samaradorligini aniq ko‘rsatkichlari (Key Performance Indicators, KPI) asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy apparati xodimlarini faoliyat samaradorligini baholashning yangi tizimi joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid