O‘zbekiston | 08:03 / 23.10.2019
3633
3 daqiqa o‘qiladi

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi aksiyadorlik jamiyatlariga eslatma bilan chiqdi

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi aksiyadorlik jamiyatlarini tomonidan 2019 yilning birinchi yarmi natijalari bo‘yicha moliyaviy hisobotlarni oshkor qilish bo‘yicha bir qator qonunbuzarliklarni aniqladi. Xususan, 61ta aksiyadorlik jamiyati qimmatli qog‘ozlar bozorida axborotni oshkor qilish normalarini buzgan.

“Qimmatli qog‘ozlar bozori haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasiga muvofiq, aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyati haqidagi ma'lumotlarni, jumladan moliyaviy hisobotni aksiyadorlar va kreditorlarga rasmiy veb-sayti va openinfo.uz korporativ axborot yagona portali orqali oshkor qilib borishi shart.

Biroq, 39 ta aksiyadorlik jamiyatlari 2019 yilning birinchi yarmi bo‘yicha tegishli ma'lumotlarni yagona portalda joylashtirmagan.

Ular orasida "O‘zeltexsanoat" AJ, "O‘zpaxtayog‘" OAJ, "O‘zbekiston metallurgiya kombinati" AJ, "O‘zsharobsanoat" OAJ kabi yirik davlat korxonalari, "Ziraat Bank O‘zbekiston" OAJ kabi tijorat banklari bor. Bu kabi qonunbuzarlik holatlari “O‘zpaxtasanoat” AJning qo‘yi tashkilotlarida ham kuzatilgan.

Bundan tashqari, 22 ta aksiyadorlik jamiyati, shu jumladan "Markaziy Ippodrom", "Toshkent mexanika zavodi" "Sirdaryo Vino" AJ, "NORINTEKS" hamda "O‘zdonmahsulot" aksiyadorlik jamiyatlarining quyi tashkilotlari rasmiy veb-saytda ma'lumotlarni 2 kundan 24 kungacha kechikib joylashtirgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlar qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish kabi baholanadi va O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida javobgarlikka tortilishi aytiladi.

Qayd etilishicha, aksiyadorlar va investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash maqsadida hozirda Agentlikning hududiy boshqarmalari yuqorida ko‘rsatilgan hisobotlarni oshkor etmaslik holatlari sabablarini o‘rganmoqda. Qonunbuzilishi holatlari aniqlangan taqdirda aksiyadorlik jamiyatlari mansabdor shaxslariga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuziladi va tegishli choralar ko‘riladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid