O‘zbekiston | 22:58 / 23.10.2019
18086
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar olib o‘tilayotgani haqidagi xabar rad etildi

23 oktabr kuni Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar olib o‘tilayotgani haqida ma'lum qilingan edi.

«Xroniki Turkmenistana» tarqatgan xabarda Turkmanistonga tegishli 4ta yuk mashinasi «Forob» (Turkmaniston) va «Olot» (O‘zbekiston) chegara punktlari orqali harakatlanayotgani, ularning yuk hujjatlarida «Tekshirish taqiqlanadi» deb yozilgani hamda tovarlar bojxona tekshiruvlaridan o‘tkazilmayotgani qayd etilgan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirilganda yuqoridagi xabar hech qanday asosga ega emasligi aniqlangan.

«Ta'kidlash joizki, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan barcha avtotransport vositalari amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida zamonaviy nazorat-texnik vositalarini qo‘llagan holda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.

Eslatib o‘tamiz, «XT» o‘z muxbirlariga tayanib, yuk mashinalaridagi yuk hujjatlari Turkmaniston prezidentining opasi Gulnabat Dovletova tomonidan imzolangani va u rahbarlik qiladigan Turkmanistonning «Qizil yarimoy» jamiyati muhri bilan tasdiqlangani haqida yozgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid