O‘zbekiston | 14:58 / 25.10.2019
3902
3 daqiqa o‘qiladi

«Tourism EXPO Japan 2019»da O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

“Tourism EXPO Japan” yilning turizm sohasidagi eng yirik tadbirlaridan biri bo‘lib, unda dunyoning 130 mamlakatidan 200 mingdan ortiq tur-biznes vakillari va havaskorlar qatnashmoqda.

Yaponiyaning Osaka shahrida “Tourism EXPO Japan 2019” ko‘rgazmasiga start berildi. Yaponiya sayohat va turizm agentligi (JTTA), Yaponiya sayyohlik agentliklari uyushmasi (JATA) va Yaponiyaning milliy turizm tashkiloti (JNTO) hamkorligida uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, respublikamizning Yaponiyadagi vakolatxonasi hamkorligida yurtimizning milliy stendi namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston stendida vakillarimiz “Tourism EXPO Japan 2019” mehmonlariga mamlakatimiz hududlarining sayyohlik salohiyati va respublikada turizmning rivojlanayotgan turlari haqida batafsil ma'lumot berishmoqda. Bundan tashqari, ko‘rgazma mehmonlari tarqatma materiallar, jumladan jurnallar, bukletlar, qo‘llanmalar va mamlakatning sayyohlik xaritasi orqali O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishtirilmoqda.

O‘zbekiston milliy stendida 8 sayyohlik kompaniyasi, jumladan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK uchun alohida o‘rin ajratilgan.

Bundan tashqari, ko‘rgazmada mamlakatimizning vino turizmi salohiyatini ko‘rsatib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi bilan hamkorlikda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi "O‘zbekiston shampani" AJ, “Farovon" MChJ va Qibray "Sharob" ilmiy-eksperimental korxonalari birinchi marta ishtirok etmoqda.

Ma'lumot uchun: “Tourism EXPO Japan” yilning turizm sohasidagi eng yirik tadbirlaridan biri bo‘lib, unda dunyoning 130 mamlakatidan 200 mingdan ortiq tur-biznes vakillari va havaskorlar qatnashmoqda.

“Tourism EXPO Japan” turizm va sayohat ko‘rgazmasi mintaqaviy iqtisodiyotda turizmning o‘rnini oshirish, ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy farovonlikni ta'minlash borasida dunyoning yirik tadbirlaridan biri hisoblanadi. 

Ko‘rgazma 27 oktyabrga qadar davom etadi.

Mavzuga oid