O‘zbekiston | 09:48 / 25.10.2019
3108
6 daqiqa o‘qiladi

«Uzluksiz ta'lim» axborot tizimi joriy etiladi

Ta'lim tashkilotlari, pedagog xodimlar, ta'lim oluvchilar, ta'lim-tarbiya jarayoni va boshqa zarur axborotlar to‘g‘risida yagona ma'lumotlar bazasidan iborat axborot tizimi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Quyidagilar:

2018-2021 yillar uchun YuNeSKO va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumda Oliy ta'lim sohasida malakani tan olish bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani mintaqaviy konvensiyasining (Tokio konvensiyasi) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinishi yuzasidan ustuvor maqsad belgilangan;

Tokio konvensiyasi chet davlatlarda pedagog xodimlar, tadqiqotchilar va talabalarning chegaralararo mobilligi masalasini siyosiy va amaliy jihatdan uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan hujjat bo‘lib, unga a'zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri a'zolikka da'vogar davlatda Milliy axborot markazi (National information center) tashkil etilishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Maktabgacha ta'lim vazirligining ta'lim tashkilotlari, pedagog xodimlar, ta'lim oluvchilar, ta'lim-tarbiya jarayoni va boshqa zarur axborotlar to‘g‘risida yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirishni o‘z ichiga olgan ta'lim sifatini ta'minlovchi quyidagilardan iborat “Uzluksiz ta'lim” axborot tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan maktabgacha ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Maktabgacha ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

b) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda tizimida tegishli ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Umumiy o‘rta ta'limni boshqarish axborot tizimi” va “Maktabdan tashqari ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

v) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan:

o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “O‘rta maxsus ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

tizimida boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oliy ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Oliy ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

g) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan kasbga o‘qitish markazlariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Kasbga o‘qitishni boshqarish axborot tizimi”;

d) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan oliy ta'limdan keyingi ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Oliy ta'limdan keyingi ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

ye) tizimida ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan malaka oshirish va qayta tayyorlash ta'lim muassasalariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha ta'limni boshqarish axborot tizimi”;

j) Davlat inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta'lim tashkilotlariga oid ma'lumotlar kiritiladigan – “Nodavlat ta'limni boshqarish axborot tizimi”.

Axborot tizimini yaratish, joriy etish va kelgusida yuritishni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafardan iborat Davlat inspeksiyasining “Uzluksiz ta'lim” milliy axborot markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

axborot tizimiga ma'lumot kiritish bo‘yicha manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qilish, ularga tegishli ma'lumotlar bazasiga kirish huquqini beradigan login va parollar berish;

axborot tizimining muntazam tarzda onlayn ishlashini ta'minlash, ma'lumot kiritilishining tizimli monitoringini olib borish hamda ma'lumotlarni almashish jarayonini muvofiqlashtirish;

axborot tizimiga kiritilayotgan ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlagan holda ekspertizadan o‘tkazish va tahlil qilish;

axborot tizimini tashkil etadigan ma'lumotlar bazalariga haqqoniy ma'lumotlarning to‘liq va sifatli kiritilishini ta'minlash, hisobga olish va statistikasini yuritish;

xorijiy davlatlarning, shu jumladan Tokio konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlarning milliy axborot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro axborot almashishni ta'minlash;

axborot tizimiga kiritilgan ma'lumotlarning chet tillariga tarjima qilinishini tashkil etish hamda axborot tizimiga davlat tili bilan bir vaqtda kiritib borilishini ta'minlash;

axborot tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish.

Quyidagilar axborot tizimini yaratish va joriy qilish
chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

tizimida ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari;

ta'lim tashkilotlarining o‘z mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarining grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid