Jahon | 08:55 / 27.10.2019
7934
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft Pentagonning 10 mlrd dollarlik buyurtmasini qo‘lga kiritdi. Amazon bu qarorni mantiqsiz deb atadi

Foto: REUTERS

Pentagon tanlov natijalariga ko‘ra Microsoft kompaniyasi bilan ma'lumotlarni saqlash uchun bulutli infratuzilma yaratishni ko‘zda tutuvchi 10 mlrd dollarlik bitim tuzdi. Bu haqda MarketWatch xabar berdi.    

Ta'kidlanishicha, Microsoft barcha qo‘yilgan vazifalarni bajara olsagina, ushbu summani qo‘lga kiritadi. Kompaniya buyurtma uchun kurashda Amazon, IBM, Oracle va Google kabi kompaniyalarni dog‘da qoldirdi.

Pentagon Microsoft bilan bitim tuzishini e'lon qilgach Amazon vakillari bundan taajjub bildirishgan. Washington Post nashrining yozishicha, aynan Jyeff Bezos kompaniyasi tanlovda g‘olib bo‘lishga asosiy da'vogar hisoblangandi. Nashr Amazon’ning mag‘lubiyatini AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan tanqidga uchrashi va mudofaa vazirligi qarorni oxirgi pallada o‘zgartirgani bilan bog‘lagan. 

Amazon vakili MarketWatch’ga izohida kompaniya bulutli texnologiyalar sohasida yaqqol yetakchi ekanini aytgan. Bezosning kompaniyasida “takliflarning holis baholanishi boshqa natijalarga olib kelgan bo‘lardi”, deb hisoblanmoqda. 

Google ushbu tanlovdan birinchilardan bo‘lib chiqib ketgandi. Bunga kompaniya xodimlarining rahbariyatni Pentagon bilan hamkorlik qilmoqchiligi uchun tanqid qilishi sabab bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid