O‘zbekiston | 11:40 / 27.10.2019
52611
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik «O‘qituvchilarning oyligi faqat Toshkentda ko‘tariladi» degan gap-so‘zlar yuzasidan tushuntirish berdi

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati internetda tarqalgan «O‘qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko‘tariladi» ma'nosidagi ma'lumotlarga aniqlik kiritdi.

Foto: REUTERS / Mukhammadsharif Mamatkulov

«Xalq ta'limi muassasalarida ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha «Toshkent tajribasi»ni joriy etishga oid Hukumat qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz sahifasiga qo‘yildi.

Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yilning 23 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ta'lim sifatini oshirish, xususan, poytaxt - Toshkent tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish yuzasidan berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ishlab chiqildi.

Qaror loyihasining 15-bandida shunday deyilgan:

Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari xodimlari bazaviy tarif stavkalarini:

  • ikkinchi toifali o‘qituvchi uchun 1,1 baravar;
  • birinchi toifali o‘qituvchi uchun 1,25 baravar;
  • oliy toifali o‘qituvchi uchun 1,5 baravar miqdorlarida qo‘shimcha rag‘batlantirish oylik ustamalarini to‘lash tartibi joriy etilsin.

Birinchidan, «O‘qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko‘tariladi» deb ta'kidlash noto‘g‘ri. Ayni paytda bu taklif bo‘lib, muhokama davomida modda o‘zgarishi mumkin.

Ikkinchidan, taklifda Toshkent shahridagi o‘qituvchilarning bazaviy stavkasi yangi miqdorlarini moliyalash mahalliy budjet hisobidan amalga oshirishni taklif etilmoqda. Ya'ni, moliyalash davlat budjeti hisobidan emas.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti huzurida joriy yilning 23 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq ta'limi vazirliklariga 2020 yilda xalq ta'limi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan», deyiladi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid