Jamiyat | 16:20 / 29.10.2019
3674
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 10 oyda 9 milliondan ko‘proq kishi «Tez yordam»ga murojaat qildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi shoshilinch va «Tez yordam» xizmati bo‘yicha joriy yilning 10 oyida 9 milliondan ortiq murojaatlar qondirilgani haqida ma'lumot berdi.

«Mamlakatimizda aholiga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shakllangan o‘ziga xos tuzilmalardan biri shoshilinch va «Tez yordam» tizimidir. Keyingi 3 yil mobaynida tibbiyotning turli yo‘nalishlari kabi bu sohani rivojlantirish bo‘yicha ham tub islohotlar amalga oshirildi. Xususan, prezidentimizning bu yo‘nalishda qator farmon va qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimning huquqiy asoslari takomillashtirildi.

Shu bilan birga, sohaning moddiy-texnika bazasi ham yil sayin yangilanyapti. Jumladan, 2018-2019 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi filiallarida qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 62,33 mlrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Investitsiya dasturi doirasida 202,1 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan joriy yilda RShTYoIM hududida kardioxirurgiya, transplantologiya va neyro-qon tomir xirurgiyasi bo‘limlari uchun yangi besh qavatli bino qurilishi boshlandi», deyiladi vazirlik xabarida. 

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida tez yordam xizmati ham tobora zamonaviylashib boryapti. Keyingi yillarda tez yordamning maxsus sanitar avtotransport parki yangilandi. Bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin «Nissan», «Hyundai», «Toyota» rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yangi harid qilingan 281ta reanimobillar 4,1 mln. AQSh dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlandi. 2019 yilda yana 150ta tibbiy asbob-uskunalar va aloqa vositalari bilan to‘liq jihozlangan «Ford» rusumidagi reanimobillar xarid qilindi. 

«Bunday keng qamrovli islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, murojaatlar yil sayin oshib boryapti. Masalan, taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 2016 yilda chaqiriqlar soni 7,2 milliontani tashkil qilgan bo‘lsa, 2017 yilda – 8,7 million, 2018 yilda esa 9,8 milliontaga yetgan. Joriy yilning o‘tgan 10 oyi ichida esa murojaatlar soni to‘qqiz milliondan oshgan», — deydi shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov.

Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining statsionar muassasalariga ham murojaatlar ko‘paymoqda.

«Jumladan, 2017-2019 yillarda ushbu shifo maskanlariga 7,5 million dan ziyod bemor murojaat qilgan. Ulardan 2,5 million nafari statsionar, 5 milliondan ortig‘i esa ambulator tibbiy yordamdan bahramand bo‘lgan. Statsionarda davolangan bemorlarning 500 mingdan ortig‘iga yuqori texnologik xirurgik amaliyotlar bajarilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid