O‘zbekistonda so‘z erkinligi va jurnalistikaning yangi davri: onlayn OAV vakillari qanday fikrda?
«Alter Ego» dasturi muallifi Kirill Altman O‘zbekistondagi onlayn media vakillari bilan suhbat uyushtirib, ularning mamlakatdagi jurnalistika va so‘z erkinligi borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.
«AOKA rahbari Komil Allamjonov OAV va blogerlar to‘rtinchi hokimiyatga aylanib, jamiyatga ta'sir o‘tkaza boryapti, deya fikr bildirgandi. Siz mana shu hokimiyatni his qilyapsizmi?» deya suhbatdoshlariga savol bilan yuzlangan Kirill Altman.
Savolga javoban, Kun.uz'ning sobiq muxbiri Alisher Ro‘zioxunov O‘zbekistonda matbuot to‘rtinchi hokimiyatga aylanmoqda, degan fikrga qo‘shilmasligini bildirdi. Shu bilan birga, u zamonaviy dunyoda media allaqachon uchinchi hokimiyatga aylanib boryapti, degan fikrni ilgari suradi.
«Rivojlangan mamlakatlarda jurnalist yozgan maqola yoki blogerning blogpostidan kelib chiqib, hali sud qilinmay turib, shaxslar ustidan qaror chiqarilyapti», deydi Ro‘zioxunov.
U misol sifatida shu yil bahorda bo‘lgan voqea – Avstriya vitse-kansleri Xayns-Kristian Shtraxe rossiyalik ekani taxmin qilingan ayol bilan xufiyona uchrashgani haqidagi video ortidan mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilgani borasida gapirib o‘tdi.
Ayni paytda, Spot.uz bosh muharriri Timurmalik Elmurodov O‘zbekistonda OAVning to‘rtinchi hokimiyat darajasiga chiqayotganini sezayotganini aytadi.
«Haqiqatan ham, blogerlar, ommaviy axborot vositalari qandaydir masalalarni ko‘tarib chiqishyapti va bu masalalar o‘z yechimini topyapti. Agar bu muammolar ko‘tarilmaganda, shunchaki o‘tib ketilgan bo‘lardi.
Misol uchun, daraxtlarning kesilishi. Blogerlar va OAV bu haqda yozyapti, shu boisdan ham qandaydir choralar ko‘rilyapti. Shu kabi masalalarda, ya'ni maishiy masalalarda shubhasiz [matbuotning ta'siri sezilmoqda]», – deydi Elmurodov.
Gazeta.uz muxbiri Sabina Bakayeva, Timurmalik Elmurodovning fikrlariga qo‘shilishini bildirar ekan, so‘z erkinligi borasida cheklovlar borligini sezmayotganini ham qo‘shimcha qildi.
«Qandaydir darajada ta'sir o‘tkazyapmiz, menimcha. So‘z erkinligiga kelsak, meni nimadadir chegaralab turishganini sezayotganim yo‘q», – dedi Sabina Bakayeva.
Repost.uz muharriri Ali Qahhorovning fikricha, O‘zbekistondagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, jamiyatdagi evrilishlar jurnalistlar hissasi bilan ro‘y beryapti.
«Uch yil oldin yuzaga kelgan oshkoralik natijasida biz sekin-asta maydonni kengaytirib bordik. Avvallari eng maishiy mavzularni ham, masalan kimdir kimnidir o‘ldirib qo‘ygani haqida gapira olmagan bo‘lsak, hozir bu kabi yangiliklar oddiy qabul qilinadi.
Jurnalistika jamiyatning ko‘zi va qulog‘i bo‘lishi, jamiyatni qiziqtiradigan narsalar, nima ro‘y berayotgani haqida gapirishi kerak. Daraxtlar kesilishi haqida hamma gapiryapti, lekin harakatlar bo‘lmayotganini ijro hokimiyatidan so‘rash kerak», – deydi Qahhorov.
Repost.uz muharriri so‘z erkinligiga erishish jarayoni tabiiy ravishda bosqichma-bosqich kechadi, degan fikrda.
«O‘zbekiston – so‘z erkinligi yo‘q mamlakat edi. Hozir vaziyat ancha ijobiy. Lekin taraqqiy etgan jamiyatlarda ko‘rib o‘rganganim darajadagi so‘z erkinligi yo‘q. Ko‘plab axborotlarga kirish imkoni yo‘q. Texnik jihatdan, matbuot xizmatlari faoliyatini normal yo‘lga qo‘ya olmayapmiz.
So‘z erkinligi yosh bolakayga o‘xshaydi, u ulg‘ayib boradi. Amerikada ham, boshqa jamiyatlarda ham so‘z erkinligi bosqichma-bosqich qaror topgan. 1970-1980 yillarda Italiya, Fransiyada sotsialistik partiyalarga til tekkizish tabu bo‘lgan. Amerikani oladigan bo‘lsak, 1960 yillar, 1970 yillarning boshlarida – xippilar harakati, jins inqilobiga qadar irqchilik normal holat bo‘lgan. Martin Lyuter nutq so‘zlaganida uning nutqini chop etgan gazetalar yopilgan. Shunday ekan, bu – mutlaq evolyutsion jarayon. Biz bugun: «Mana, endi so‘z erkinligi o‘rnatildi», deya olmaymiz», – deydi u.
Alisher Ro‘zioxunov so‘z erkinligi haqida gapirar ekan, O‘zbekistonda mazkur erkinlik hali to‘la ta'minlanmaganini aytadi.
«Misol uchun, uch yil ichida nechta prezident qarori chiqib, nechtasi bekor qilindi? Tovuq kampaniyasi, arzon dori ishlab chiqarish, qayta moliyalash stavkasidan past arzon uy-joylar – bular muammo olib kelmadimi? So‘z erkinligi bo‘lganida, bular haqida kimdir aytardi. «Qayta moliyalash stavkasidan past kredit bermaylik, Markaziy bank noto‘g‘ri qilyapti», deb aytardi kimdir. Aytolmadi. Chunki biz maishiy, ijtimoiy mavzular bilan cheklanganmiz.
Nega konstitutsion islohot qilinmayotgani, hozirgacha Konstitutsiyada impichment yo‘qligini birorta odam aytmadi? Nega aytmayapmiz, demak so‘z erkinligi salgina cheklangan ekan-da. Yoki hammada samosenzura bor», – deb qayd etdi Ro‘zioxunov.
O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirib bo‘lmaydigan mavzu bormi? Ali Qahhorovning hisoblashicha, bunday mavzular yo‘q emas. Ulardan biri – 1991-2016 yillar davriga batafsil baho berish masalasidir.
«27 yil davomida biz bilan nimalar bo‘lganini hali to‘liq ko‘rib chiqqanimiz yo‘q. – dedi Qahhorov. – Yomon edi, degan umumiy gaplarni aytyapmiz. Menimcha, 27 yil mobaynida nima ro‘y bergani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Siyosiy, yuridik, iqtisodiy tomonlama baho berishimiz kerak. Karimovning harakatlariga baho bermadik.
Ehtimol, hozirgacha prezident haqida gapirib bo‘lmaydi. Gap yaxshi-yomon deyishda emas, odamlarimizda shunday ichki ishonch bor – kattalarga teginib bo‘lmaydi; bu oiladagi tarbiyaga borib taqaladi. […] Nega o‘zim prezidentni tanqid qilmayman? Bundan nima ma'no, hatto o‘z yaqinlarim ham tushunishmaydi; «Nega bunday qilding?» deyishadi».
Daryo.uz muharriri Muhrim A'zamxo‘jayevning fikricha, ko‘plab mavzularni ko‘tarib chiqishda hamon qo‘rquv bor.
«Gapirib bo‘lmaydigan mavzular ko‘p. Mavzu ko‘p degan bilan, bizda hali ham qo‘rquv bor. Balki 2016 yilda mumkin bo‘lmagan yuzta mavzudan 75tasi hozir mumkin bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biz qo‘rqayotganimiz uchun hali ham bu mavzularga tegmayapmiz. Buning oqibatini bilmaymiz. Agar yozsak, bizga telefon bo‘lmaydimi, oldimizga kimdir kelmaydimi...
Taqiqlangan mavzulardan ham oldin, bu yerda eng asosiy muammo – o‘zimizdagi qo‘rquv. Qo‘rquv hali chiqib ketgani yo‘q. Chiqib ketmayotganiga sabab ham bor: bir xil holatlar bo‘lyaptiki, bir minora «A» degan bo‘lsa, ertasiga ikkinchi minora chiqib, «Yo‘q, A emas, B», deyapti. Biz esa tushunmayapmiz, qaysi biri bo‘yicha ketishimiz kerak?», – deydi A'zamxo‘jayev.
Ta'kidlash joiz, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov mazkur ko‘rsatuvga munosabat bildirib, jumladan shunday degani diqqatga sazovor:
«Barchangiz ajoyib ijodkorsizlar. Haqiqat va to‘g‘ri so‘zni aytishdan hech qachon qo‘rqmang».
Mavzuga oid
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
21:29 / 01.10.2024
Julian Assanj: «Men jurnalistikada o‘zimni aybdor deb tan olishga majbur bo‘ldim»
07:45 / 07.08.2024
Bloomberg Gershkovich haqidagi materialdan keyin muxbirni ishdan bo‘shatdi
19:55 / 06.08.2024