O‘zbekiston | 08:51 / 04.11.2019
20065
3 daqiqa o‘qiladi

Tugatilayotgan kollejlardagi mavjud jihozlar bilan nima bo‘lishi ochiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Faoliyati tugatilayotgan kasb-hunar kollejlaridagi mavjud jihozlardan samarali foydalanishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, respublikada faoliyati tugatilayotgan kasb-hunar kollejlari balansidagi xorijiy investitsiyalar hisobidan yetkazib berilgan mini sexlar, ustaxona asbob-uskunalari va o‘quv-laboratoriya jihozlari tegishli oliy va professional ta'lim muassasalariga balansdan-balansga o‘tkaziladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tizimida oliy va professional ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar:

xorijiy investitsiyalar hisobidan yetkazib berilgan mini sexlar, ustaxona asbob-uskunalari va boshqa o‘quv-laboratoriya jihozlarini balansdan-balansga o‘tkazish o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlaydi;

tovar-moddiy qimmatliklarning talon-toroj qilinishi va shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi;

balansdan-balansga o‘tkazilayotgan tovar-moddiy qiymatliklarni ustaxona va o‘quv xonalariga belgilangan tartibda joylashtirish (o‘rnatish), moddiy javobgar shaxslarni biriktirgan holda but saqlanishi va ulardan ta'lim jarayonida samarali foydalanilishi nazorat qilinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ta'lim muassasalariga xorijiy investitsiyalar hisobidan berilgan mini sexlarni ko‘chirib o‘tkazish va binolarni ta'mirlash hamda elektrmontaj ishlarini amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘ni davlat budjetidan ajratish choralarini ko‘radi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq kelgusida:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalari hisobidagi xorijiy investitsiyalar va davlat budjeti hisobidan yetkazib berilgan mini sexlar, ustaxona asbob-uskunalari, o‘quv-laboratoriya jihozlari va transport vositalarini oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri buyrug‘iga asosan ehtiyojmand ta'lim muassasalariga balansdan-balansga o‘tkazishga ruxsat beriladi;

jihoz va transport vositalarini respublikadagi boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi ta'lim muassasalariga balansdan-balansga o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid