Bir necha yildan beri «innovatsion yechim», «innovatsion g‘oya», «innovatsion taklif» iboralarini bot-bot eshityapmiz. Bir qarashda barcha jabhalarda o‘zgarishlar, yangiliklar qilinyotgan ekan, deb o‘ylash mumkin. To‘g‘ri, ishlash uslubi, yondashuv oldingiday emas, jamiyat hayotidagi ijobiy siljishlar buning isboti bo‘la oladi. Ammo bir savolni o‘rtaga qo‘ymasak bo‘lmas: innovatsiya deganda faqat ichki imkoniyatlar asosida yangilanishni tushunish kerakmi yoki...? Innovatsiya deymiz-u, uni amalga oshiradigan kadrlar yetarlimikin? Mutaxassis tanqisligi hamma joyda og‘riqli nuqta ekani hech kimga sir emas. Afsuski, shunday vaziyatda ham xorijdan qaytmoqchi bo‘lgan «oltinbosh»ni byurokratizm botqog‘iga botirish qanchalik to‘g‘ri?

Mana bu maqolada xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olishdagi ortiqcha ma'muriy to‘siqlar haqida fikrlar bildirilgan edi. Unda ekspertlar «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risida»gi Nizom ancha eskirgani va talabga javob bermasligi haqida o‘z mulohazalarini bildirishgan. Oliy attestatsiya komissiyasi ekspertlarning asosli e'tirozlarini hisobga olib, yangi nizom loyihasini ishlab chiqib, muhokamalar portaliga joylashtirdi. Uning mazmuniga e'tibor berilsa, xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olishdagi ma'muriy to‘siqlar kamaymagan, aksincha ko‘payganiga guvoh bo‘lasiz. Bunday mantiqsiz «yurish»dan biror maqsad bormi? Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Baxshillo Xo‘jayev va Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri Otabek Narziyev yangi nizom loyihasidagi kamchiliklar, tizimdagi ma'muriy to‘siqlar qanday salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga munosabat bildirishdi.

«Aksariyat olimlarimiz haliyam iste'molchilik kayfiyatida yuribdi»

Nizom loyihasidagi kamchiliklarni gapirishdan avval xorijdan kadrlarni jalb qilish, xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olish O‘zbekiston uchun qanchalik zarurligini tushuntirishdan boshlash ma'qul.

Hozir oramizdagi ayrim olimlarda iste'molchilik kayfiyati haliyam saqlanib turibdi, ya'ni yarim tayyor mahsulot ustida ishlaydi, yangilik yaratmaydi, chet el texnologiyasini shu yerda amaliyotga tatbiq etadi. Afsuski, innovatorlik muhitini shakllantirish qiyinchilik bilan kechyapti. Agar olimlarda innovatorlik kayfiyati uyg‘onsa, bu jamiyat hayotini farovonlashtirishga xizmat qiladi. Xalqaro tashkilotlar mamlakatlarni rivojlangan yoki rivojlanayotgan, degan toifalarga emas, balki iste'molchi, ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi jamiyatlarga ajratishyapti. Biz so‘nggi ikki bosqichga o‘tolmayapmiz. Yaponiya, Singapur, Koreya davlatlarida allaqachon xizmat ko‘rsatuvchi qatlam vujudga kelgan. Ular bunga qay tariqa erishdi? Albatta, ilmiy salohiyatni yuqori bosqichga ko‘tarishdan. Milliy miqyosda olib qaraganda esa bizda islohotlarga javob beroladigan kadrlarni yetishtirishda ichki imkoniyatlar yetishmaydi. Xorijda tahsil olgan «yangi nafaslar»ga muhtojmiz. Ularning tajribasi, bilimi bugun har qachongidan ko‘ra ko‘proq kerak.