O‘zbekiston ochiq siyosat yo‘lini tanlaganidan beri har sohada tashqi dunyo bilan integratsiyalashishga harakat qilmoqda. Buning bir yo‘nalishi sifatida inson resursiga investitsiya qilishga alohida ahamiyat berilyapti. Prezident xorij mamlakatlariga tashrif buyurar ekan, u yerdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashib, yurt taraqqiyotiga birgalikda hissa qo‘shishga chorlamoqda.

«Buyuk kelajak» guruhi tashkil etilgani ham bejiz emas. Amalga oshirilayotgan harakatlar natijasida yurtdoshlarimiz O‘zbekistonga qaytib kelmoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo ko‘rinmas va keraksiz to‘siqlar bilan ortiqcha «himoyalangan» tizim «oltinbosh»lar o‘z yurtiga kelib ishlashini qiyinlashtiryapti. Yosh va intiluvchan, xalqaro darajada tan olingan o‘zbek olimlari vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shaman deb kelsayu, uning ilmiy darajasi tan olinmasligi yoki asossiz ravishda kechiktirilishidan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin?

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas'ul xodimlari, Yaponiyaning Kobe universiteti huquq doktorlari Husain Radjapov va Otabek Narziyev yosh olimlarning ilmiy daraja nostrifikatsiyasi jarayonidagi ortiqcha to‘siqlar haqida fikr bildirishdi.

«Xorij ilmiy darajalarini tan olish va nostrifikatsiyalash nizomi ma'nan eskirgan. Yangi qaror loyihasida ham bo‘shliqlar bor»

19 yil oldin «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida»gi Nizom hozirgacha amalda ishlab kelmoqda va u hozirgi kun islohotlari talabiga javob bermaydi, huquqiy va ma'naviy jihatdan ancha eskirgan.

Misol sifatida, ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatni nostrifikatsiyalash jarayoni 2-3 oy, qo‘shimcha sifatida yana 3 oyga cho‘zilishi belgilangan. Ammo bu uzoq muddat yanayam uzaytirilayotgani amaliyotda uchrayapti. Ushbu kamchiliklar vakolatli organ – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan o‘rganilib, boshqa takliflar inobatga olingan holda yangi qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar portalida e'lon qilindi. Ushbu hujjatda ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar nazarda tutilgan bo‘lsada, xorijdagi mutaxassislarni jalb etish uchun konseptual yangilik belgilanmagan.

Masalan, mutaxassisning xorijdan kelmasdan turib, ya'ni u yerdagi faoliyatidan uzilmagan holda OAKga hujjatlarini onlayn topshirib, nostrifikatsiya jarayonini boshlash imkoniyati nazarda tutilmagan. Bunda mutaxassisning onlayn arizasi va ilova qilingan elektron hujjatlari asosida OAK nostrifikatsiya jarayonini boshlaydi. Tegishli qaror qabul qilingandan keyin nomzod O‘zbekistonga kelib hujjatlarining asl nusxasini taqdim qilish orqali xorijdagi ilmiy darajasi nostrifikatsiya qilinishiga erishishi mumkin.