O‘zbekiston kosmik tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi e'lon qilindi
2020-2030 yillar davri uchun O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Quyidagilar:
2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Kosmik tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi;
2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Kosmik tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Quyidagilar konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ini rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlari, shuningdek qo‘yilgan maqsadlari va masalalarini hal etish mexanizmi va usullarini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ining tamoyillari, asosiy ustuvor yo‘nalishlari va funksiyalarini ko‘rsatish;
xalqaro tajribani ko‘rib chiqish va tahlil qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi kosmik faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
kosmik faoliyat sohasida milliy normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro huquqiy hujjatlar bilan uyg‘unlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ini rivojlantirish bosqichlarini ko‘rsatish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida ilmiy faoliyatni rivojlantirish;
kosmik faoliyat bo‘yicha xalqaro va hududiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va hamkorlikni kengaytirishning samarali mexanizmlarini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasini dunyo iqtisodiyotiga va xalqaro kosmik faoliyatga integratsiya qilishga ko‘maklashish;
kosmik texnologiyalarning mamlakat iqtisodiyoti, ilm-fani, xavfsizligini ta'minlashning turli sohalarida qo‘llanilishini kengaytirish.
Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘i rivojlanishining maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlarini, shuningdek qo‘yilgan maqsadlarga erishish va muammolarni hal qilish mexanizmlari va usullarini belgilaydi.
Kosmik tarmoqning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, fani va ijtimoiy sohani barqaror rivojlantirish, kosmik tarmoqning ilmiy-texnik salohiyati va infratuzilmasidan samarali foydalanish va maqbul rivojlantirish, mamlakat iqtisodiyotining amaliy sohalariga innovatsion kosmik texnologiyalarni joriy etish manfaatlaridagi faoliyat hisoblanadi.
Milliy kosmik faoliyatni amalga oshirish asosiy vazifalari quyidagilar:
Yerni masofadan zondlash tizimini yaratish;
yo‘ldoshli aloqa tarmog‘ini yaratish;
yo‘ldoshli navigatsion komplekslardan foydalanish;
yerusti infratuzilmasi obektlarini yaratish va ulardan foydalanish;
kosmosdagi ilmiy va texnologik tajribalar;
stratosfera telekommunikatsiyalari va kuzatish texnologiyalarini o‘zlashtirish;
kosmik tarmoqning yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash;
chet el investitsiyalari va innovatsion texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikdagi samarali faoliyat;
kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
kosmik faoliyatning ayrim yo‘nalishlarini tijoratlashtirish;
zamonaviy davlat-sherikchilik mexanizmlarini qo‘llash.
O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ining prinsiplari:
O‘zbekiston kosmik faoliyatni har tomonlama, shu jumladan moliyaviy va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlab, mamlakatning texnik, iqtisodiy va ilmiy salohiyatini rivojlantirish, kosmik faoliyat yo‘nalishlarining mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini hisobga olgan holda, ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirishning maqsadga muvofiqligi, uning mudofaasi va xavfsizligini ta'minlash prinsipidan, aniq loyihalarni tanlashda va kosmik faoliyat natijalaridan amalda foydalanishda “samaradorlik - qiymati” mezonidan ustun foydalanishdan kelib chiqadi;
O‘zbekiston kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlikdagi ishtirokini doimiy ravishda kengaytirib, o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsipiga amal qiladi;
ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi vazifalar bo‘yicha xalqaro munosabatlar rivojlanishining umumiy dinamikasini hisobga olgan holda va respublika uchun manfaatli bo‘lgan shartlarda xorijiy davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini shakllantirish rag‘batlantiriladi;
O‘zbekiston kosmik faoliyatda chet el investitsiyalari kiritilishini va davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlaydi;
O‘zbekiston xalqaro kosmik huquqning milliy darajadan ustunligi prinsipiga amal qiladi;
O‘zbekiston o‘z texnologiyalarini rivojlantirishni chet eldan eng ilg‘or texnologiyalarni sotib olish (xarid qilish, almashish yoki birgalikda ishlab chiqish) bilan oqilona uyg‘unlashtirish prinsipiga amal qiladi;
O‘zbekiston kosmik tarmoq uchun yuqori malakali kadrlarni chet el universitetlari va o‘quv markazlarida tayyorlash prinsipiga amal qiladi, shu bilan birga mahalliy oliy o‘quv yurtlarida o‘zining tayyorlash tizimini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmoqni yaratishning hozirgi zamon bosqichida, resurs va texnik cheklovlarni hisobga olgan holda, kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun quyidagi ustuvor vazifalarni belgilash maqsadga muvofiqdir:
O‘zbekiston Respublikasining «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi Qonunini ishlab chiqish va qabul qilish;
Kosmik tarmoq faoliyatining dastlabki ishchi rejasini ishlab chiqish, quyidagi yo‘nalishlarda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sohasi, fan, mudofaa va xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish uchun kosmik texnika, texnologiyalar va xizmatlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq loyihalar va tadbirlar ro‘yxatini tayyorlash:
Yerni masofadan zondlash;
kosmik komplekslar va aloqa tizimlari;
koordinata-vaqt va navigatsion ta'minot;
fundamental va amaliy kosmik tadqiqotlar;
kosmik texnologiyalarning amaliy yo‘nalishlari;
2020-2030 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini rivojlantirish davlat dasturini ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritish uchun texnik-iqtisodiy asoslash asosida aniq loyiha takliflarini va infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish;
Mahalliy va chet el oliy o‘quv yurtlarida kosmik tarmoq uchun kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
Kosmik loyihalarni amalga oshirish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish.
Xalqaro tajribani hamda mamlakat iqtisodiyoti, mudofaasi va xavfsizligining turli sohalari ehtiyojlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ining 2020 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda asosiy funksiyalarini belgilash maqsadga muvofiqdir:
kosmik tarmoqni rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish, shu jumladan ilmiy-texnik va investitsiya siyosatini, davlat boshqaruvi organini va uning idoraviy mansub tuzilmalarini, shuningdek kosmik infratuzilma obektlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasida Kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, Davlat dasturi loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilish;
sanoat va ekologik xavfsizlik xalqaro talablariga javob beradigan kosmik tarmoq obektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar va shartnomalar tuzish;
mamlakatda jahon kosmik tarmog‘ining yutuqlari va ularni O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining turli sohalarida samarali qo‘llash imkoniyatlarini ommalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining axborot resurslaridan foydalanish;
kosmik tizimlar texnik vositalarini litsenziyalash, standartlashtirish, metrologik ta'minlash, sertifikatlashtirishni ta'minlash va kosmik faoliyat sohasida yagona ilmiy-texnik siyosatni shakllantirish va amalga oshirish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
yagona kadrlar siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, kosmik tarmoq ishchilariga mehnat haqini to‘lash va ularni ijtimoiy himoya qilish tizimini shakllantirish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shu jumladan yetakchi xorijiy o‘quv tuzilmalarida;
jahondagi xalqaro va milliy kosmik tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish;
kosmik tarmoq sohasiga chet el investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliyaviy institutlar, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni kosmik tarmoqqa investitsiyalar kiritishga jalb qilish;
kosmik faoliyat ayrim yo‘nalishlarining tijoratlashtirilishini rag‘batlantirish;
kosmik fanlar va kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, fundamental ilmiy tadqiqotlar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik hamda innovatsion ishlari, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tayyorlash va amalga oshirish;
fundamental va amaliy fanlarni rivojlantirish maqsadida Yer, kosmik fazo, sayyoralar va Quyoshni tadqiq qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va boshqa idoralar bilan birgalikda kosmik faoliyat sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda kosmik telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalaridan foydalanish sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyot, fan, mudofaa va xavfsizlikning turli sohalarida yo‘ldoshli navigatsiya tizimlaridan foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa va xavfsizligi uchun mas'ul tuzilmalarning maxsus buyurtmalari bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
uchuvchisiz uchish apparatlari bazasida yo‘ldoshli navigatsiya, yerning lokal uchastkalarini masofadan turib zondlash yordamida obektlarning joylashgan joyini yuqori aniqlikda aniqlash texnologiyalarini o‘zlashtirish va qo‘llash;
muqobil energiya texnologiyalarini o‘zlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining kosmik hamda boshqa tarmoqlari manfaatlarida qo‘llash;
yerusti kosmik qabul qilish komplekslari va kosmik tarmoq boshqa obektlarining rivojlanishi va xavfsiz ishlashini ta'minlash;
boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda avariyaviy vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda respublika kosmik obektlarining xavfsizlik tizimini takomillashtirish;
telekommunikatsiya, Yerni masofadan zondlash, mudofaa va xavfsizlikning aniq vazifalarini hal qilish uchun ushbu sohada tajribaga ega bo‘lgan xorijiy sheriklar bilan birgalikda stratosfera samolyotlari (dirijabllar va uchuvchisiz uchish apparatlari)ni o‘zlashtirish va ulardan foydalanish;
yirik xalqaro kosmik loyihalar doirasida hamkorlik qilish, shu jumladan xalqaro boshqariladigan kosmik stansiyalar va sayyoralararo ekspeditsiyalarda ishtirok etish uchun kosmonavtlar (astronavtlar)ni o‘qitish.
Mavzuga oid
12:30 / 01.10.2024
O‘zbekistonda “Butunjahon kosmos haftaligi” o‘tkaziladi
14:20 / 16.09.2024
Polaris Dawn kosmik missiyasi ekipaji Yerga qaytib keldi
21:36 / 10.09.2024
SpaceX birinchi shaxsiy tadqiqot missiyasini uchirdi. Noprofessional astronavtlar ochiq kosmosga chiqadi
12:59 / 04.09.2024