Sport | 15:00 / 07.11.2019
25127
16 daqiqa o‘qiladi

Uchta klub pley-offda, yana 9tasi yo‘lda. Kimda qanday imkoniyat?

Chempionlar Ligasi guruh bosqichida 4-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Uch jamoa rasman keyingi bosqich ishtirokchisiga aylangan bo‘lsa, «Genk» va «Galatasaroy» nazariy jihatdan ham nimchorak final uchun kurasha olishmaydi. Quyida guruhlardagi holat va yo‘llanma uchun kurashda jamoalarning imkoniyatlari haqida so‘z boradi.

A guruhi

Parijliklar muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilib bo‘lishdi. Endi Madridda 0:4 va undan yirikroq hisobda mag‘lubiyatga uchramagan holda, qolgan ikki o‘yindan 1 ochko olinsa kifoya – «PSJ» guruhda birinchi o‘rinni egallaydi.

«Real» ham deyarli keyingi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin. «Bryugge» bilan o‘rtadagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Madridliklar keyingi turda «PSJ» ustidan g‘alaba qozonib, muddatidan oldin nimchorak finalga chiqishlari mumkin. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda ham, so‘nggi turda «Bryugge» maydonidagi durang ham «Real»ni qoniqtiradi.

5-turdagi «Galatasaroy» – «Bryugge» o‘yini esa, Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladigan jamoani aniqlashtirib beradi. Bu o‘yinda g‘alaba ko‘proq turklarga kerak.

26 noyabr. Galatasaroy – Bryugge, Real – PSJ

11 dekabr. PSJ – Galatasaroy, Bryugge – Real


V guruhi

Bu guruhni A guruhi bilan deyarli bir xil vaziyatda deyish mumkin. «Bavariya» yuz foizlik natija ko‘rsatib, keyingi bosqich masalasini rasman hal qildi. Faqat ikki o‘yinni yutqazsagina, nemislar ikkinchi o‘ringa tushib qolishlari mumkin, xolos. «Tottenhem» esa, serblar ustidan qozonilgan umumiy 9:0 hisobidagi ikki g‘alabadan so‘ng, vaziyatni ancha yaxshilab oldi. Pochettino shogirdlari keyingi turda «Olimpiakos»ni qabul qiladi. Bu o‘yindagi g‘alaba londonliklarga 1/8 final yo‘llanmasini taqdim etadi. Durang «Tottenhem» imkoniyatini biroz pasaytirishi va so‘nggi turda Myunxenda ochko olish majburiyatini yuklashi mumkin. Chunki agar serblar «Bavariya» ustidan g‘alaba qozonishsa, ochkolari soni 6taga yetadi va «Tottenhem»ga yaqinlashib olishadi.

Yevropa Ligasi yo‘llanmasi, katta ehtimol bilan, so‘nggi turda, Gretsiyadagi o‘yinda hal bo‘lsa kerak.

26 noyabr. Tottenhem – Olimpiakos, Tsrvena Zvezda – Bavariya

11 dekabr. Bavariya – Tottenhem, Olimpiakos – Tsrvena Zvezda


S guruhi

«Manchester Siti» yaqqol peshqadam bo‘lsa-da, hali pley-off yo‘llanmasini uzil-kesil hal qilgani yo‘q. Agar inglizlar har ikki o‘yinni boy berishsa, shuningdek, «Shaxtyor» va «Dinamo» «Atalanta»dan ham uch ochko olishsa, bu ikki jamoaning ochkosi 11taga yetadi va «Manchester Siti»ni quvib o‘tishadi. Bu endi, fantastikaga yaqinroq bo‘lgan nazariya. Amalda esa, Pep Gvardiola jamoasi keyingi turda o‘z maydonida «Shaxtyor»ni yengishi va guruh g‘olibiga aylanishi mumkin. Hatto durang ham «Siti»ni nimchorak final ishtirokchisiga aylantiradi.

Guruhdagi asosiy kurash ikkinchi o‘rin uchun «Shaxtyor» va «Dinamo» Zagreb o‘rtasida kechishi kutilmoqda. Har ikki jamoa hozirda bir xil ochko to‘plagan va har ikkisi ham keyingi turlarda ayni raqiblarga qarshi maydonga tushadi. O‘zaro o‘yin borasida esa, safarda ko‘proq gol urgani uchun ukrainaliklarda ustunlik bor.

Shu bilan birga, «Atalanta»ni ham unutmaslik kerak. Bergamoliklar hozircha YeChLda omadsiz bo‘lsalar-da, salohiyat borasida guruhdagi ikkinchi jamoa deb bemalol aytish mumkin. A Seriyaning eng sermahsul jamoasi bo‘lib turgan «Atalanta» bemalol keyingi ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi va guruhda ikkinchi o‘rinni olishi ham haqiqatdan uzoq emas. Agar keyingi turda «Atalanta» o‘z maydonida Zagrebni yutsa-yu, «Shaxtyor» Manchesterda mag‘lubiyatga uchrasa, so‘nggi tur juda qiziqarli kechadi. «Shaxtyor» – «Atalanta» o‘yini deyarli finalga aylanib ketadi, shu bilan birga «Siti»ni qabul qilayotgan zagrebliklarda ham imkoniyat qoladi.

26 noyabr. Atalanta – Dinamo Z, Manchester Siti – Shaxtyor

11 dekabr. Shaxtyor – Atalanta, Dinamo Z – Manchester Siti


D GURUHI

So‘nggi daqiqadagi g‘alaba goli «Yuventus»ni ham rasman pley-off ishtirokchisiga aylantirdi. Ammo guruhda birinchi o‘rinni olish uchun keyingi turdagi «Atletiko»ga qarshi o‘yinda eng kamida durang o‘ynash lozim bo‘ladi. Ikkinchi yo‘llanma sohibi «Atletiko» bo‘lishiga ham shubha yo‘q. «Bayyer» juda kech uyg‘ondi va endi madridliklar Turindagi o‘yin natijasidan qat'i nazar, oxirgi turda Madridda, «Lokomotiv» ustidan g‘alaba qozonishsa kifoya.

5-turdan joy olgan «Lokomotiv» – «Bayyer» o‘yini esa Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘ladigan jamoani aniqlab beradi. Agar bu o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonishsa, birinchidan, Yevropa Ligasi masalasini rasman hal qilishadi. Ikkinchidan, balki «Atletiko»ga yaqinlashib olib, so‘nggi turda Madridda ularni ham quvib o‘tishga urinishlari mumkin.

26 noyabr. Yuventus – Atletiko, Lokomotiv – Bayyer

11 dekabr. Atletiko – Lokomotiv, Bayyer – Yuventus 


Ye GURUHI

«Zalsburg» hayron qoldiryapti, guruhda eng ko‘p gol urgan jamoa ham shu, lekin guruh favoritlari «Liverpul» va «Napoli». O‘tgan yili aynan «Enfild»dagi o‘yin «Napoli»ning imkoniyatlarini yo‘qqa chiqargandi, bu safar ham o‘yin 5-turda bo‘lmoqda va italiyaliklarda vaziyatni oxirgi o‘yinda o‘nglash imkoniyatiga ega.

«Liverpul» bu o‘yinda «Napoli»ni yengsa, guruhdagi 1-o‘rinni rasman hal qiladi. Agar bu o‘yin durang bilan tugasa, «Liverpul» pley-offga rasman chiqadi, lekin guruh peshqadamligi uchun hali kurashishga to‘g‘ri keladi. Mabodo «Liverpul» «Napoli»dan yutqazib qo‘yadigan bo‘lsa, yanayam qiziq – oxirgi turda «Zalsburg» maydoniga safar juda xavfli bo‘lish ehtimoli bor. Chunki avstriyaliklar «Genk»ni yengib, «Liverpul»ga 2 ochko masofaga yaqinlashib qolgan bo‘ladi. Bir o‘yinda esa, har narsa bo‘lishi mumkinligini «Liverpul»dan yaxshiroq biladigan jamoa yo‘q.

Xullas, aslini olganda, ikki top-klub xotirjam yakunlashi mumkin bo‘lgan hozirgi holatni «Zalsburg»ning ijobiy ma'nodagi tentakligi buzib turibdi, xolos. Xotirjam tortishga hech kimning haqqi yo‘q. 

27 noyabr. Liverpul – Napoli, Genk – Zalsburg

10 dekabr. Zalsburg – Liverpul, Napoli – Genk


F guruhi

«Barselona»ning o‘z maydonida «Slaviya» bilan durang o‘ynashi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Endi kataloniyaliklar qolgan ikki o‘yinda bir g‘alabaga erishishlari lozim, ammo raqiblar – pley-off uchun kurashayotgan «Inter» va «Borussiya». Oson bo‘lmaydi.

Keyingi turda «Kamp Nou»da mezbonlar «Borussiya»ni qabul qiladi. Bu o‘yindagi g‘alaba Valverde shogirdlarini pley-offga olib chiqadi. Ammo durang yoki mag‘lubiyat vazifani ancha og‘irlashtirib qo‘yadi. Tasavvur qiling, «Kamp Nou»dagi durangdan so‘ng, «Barselona»da 9, Dortmundda 8 va «Inter»da 7 ochko hosil bo‘lishi mumkin. «Borussiya» «Slaviya»ni qabul qilib, g‘alaba qozonishi oson, ammo Milanda «Inter» va «Barselona» o‘rtasidagi o‘yinning ahamiyati juda ham oshib ketadi. Odatda, guruh bosqichini muddatidan oldin hal qilishga o‘rgangan «Barselona» uchun bu yomon ssenariy. Shuning uchun nima qilib bo‘lsa ham, «Borussiya» ustidan g‘alaba qozonilishi shart.

Bu holatda ikkinchi yo‘llanma masalasi nemis va italyan klublari o‘rtasida hal bo‘ladi. «Borussiya» «Kamp Nou»ga nafaqat ochko olish uchun, shuningdek, «Barselona»ni ham to‘xtatib qolish uchun boradi. Chunki agar «Barselona» Dortmundni yengsa, muddatidan avval guruh g‘olibiga aylanishi va «Inter» bilan so‘nggi turda bor kuchi bilan harakatlanmasligi mumkin. Dortmund va Milan jamoalari o‘rtasidagi vaziyatda esa, agar ochkolar teng bo‘lib qolsa, «Inter» yuqori o‘rinni egallaydi. Chunki reglament bo‘yicha, avvalo, o‘zaro o‘yinlarga qaraladi. «Inter» bu borada ustunlikka ega.

27 noyabr. Barselona – Borussiya, Slaviya – Inter

10 dekabr. Inter – Barselona, Borussiya – Slaviya


G GURUHI

Bu guruhda hamma jamoa keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega. Rossiyada g‘alaba qozongan «Leypsig» esa, favoritga aylandi. Endi nemislar keyingi turda «Benfika»ni qabul qiladi va bu uchrashuvdagi durang ularni pley-off ishtirokchisiga aylantiradi.

Keyingi turda Piterda bo‘lib o‘tadigan «Zenit» - «Lion» o‘yinida ko‘p masalaga oydinlik kiritiladi. Ruslar bu o‘yinda g‘alaba qozonib, ochkolar bo‘yicha «Lion»ga yetib olishlari, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra esa, quvib o‘tib, guruhda 2-o‘ringa ko‘tarilib olishlari mumkin. Uyog‘i esa, so‘nggi turda, Portugaliyadagi uchrashuvda hal bo‘ladi.

27 noyabr. Leypsig – Benfika, Zenit – Lion

10 dekabr. Benfika– Zenit , Lion– Leypsig 


N GURUHI

Eng qiziqarli va shiddatli guruh. Uch jamoa bir xil ochko jamg‘argan va keyingi bosqich uchun har uchalasining ham imkoniyatlarini teng baholash mumkin. To‘g‘ri, «Lill» bilan ham o‘ynaydigan «Ayaks» va «Chelsi»ning holati biroz yaxshiroq, chunki ular «Lill»ni osonlik bilan yengib, «Valensiya» bilan durang o‘ynay olishi mumkin. «Valensiya» esa, asosiy raqiblar bilan o‘yinlarda kamida bitta g‘alabaga erishishi shart. «Valensiya» – «Chelsi» o‘yini turning markaziy o‘yini bo‘ladi. Bu o‘yinda agar mezbonlar g‘alaba qozonishsa, rasman keyingi bosqich ishtirokchisiga aylanadi. Uch ochko farqni keyin «Chelsi» yo‘qqa chiqara olmaydi, chunki Londondagi o‘yinda ham «Valensiya»ning qo‘li baland kelgan.

Keling, shu guruhga batafsilroq to‘xtalamiz.

Agar, 5-turda «Valensiya» va «Ayaks» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, bu jamoalarning hisobida 10tadan ochko bo‘ladi. «Chelsi»da esa 7ta. «Chelsi» oxirgi turda «Lill»ni yengib, «Ayaks»ning so‘nggi turdagi mag‘lubiyatidan umid qilishga majbur bo‘ladi. Bu o‘yinda «Ayaks» va «Valensiya» o‘zaro durang o‘ynab, «Chelsi»ni dog‘da qoldirishlari ham mumkin.

Agar, 5-turda «Chelsi» va «Ayaks» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, ularning hisobida 10tadan ochko, «Valensiya»da 7 ochko bo‘ladi. «Chelsi» so‘nggi turda bemalol «Lill»dan ochko olishi mumkin, «Valensiya»dan esa guruhdan chiqishi uchun «Ayaks» maydonida g‘alaba qozonishi, bo‘lib ham, kamida 4 to‘p farqi bilan yutish talab etiladi.

Agar 5-turda «Chelsi»-«Valensiya» o‘yinida durang qayd etilsa, bu jamoalar hisobida 8tadan ochko bo‘ladi. «Ayaks» esa «Lill»dan uch ochko olib, 10 ochkoga ega bo‘lib olishi mumkin. Bu holatda, «Chelsi»ning imkoniyati yaxshi – londonliklar oxirgi turda g‘alaba qozonib, 11 ochko bilan kamida 2-o‘rinni olishadi. «Ayaks» – «Valensiya» o‘yini esa hayot-mamotga aylanadi. «Valensiya» guruhdan chiqishi uchun qanday hisob bilan bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishi shart bo‘lib qoladi.

Albatta, bu yerda «Lill»ning imkoniyatlari ancha past qilib olindi. Aslida vaziyat yanada murakkab. Fransuzlar ham qaysidir o‘yinlarda ochko olishlari va yanada chigal holatni yuzaga keltirishlari mumkin. Hatto ikki o‘yinni kerakli hisobdagi g‘alaba bilan yakunlashsa, «Lill» ham guruhda 2-o‘rinni olishga nazariy imkoniyatga ega. Eng yaxshisi, kutilayotgan shiddatli bahslardan bahra olish.

27 noyabr. VALeNSIYa – CheLSI, LILL - AYaKS

10 dekabr. AYaKS – VALeNSIYa, CheLSI - LILL

Mavzuga oid