O‘zbekiston | 10:03 / 09.11.2019
9461
6 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligi oshiriladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda qator avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligi oshiriladi. Bu haqda harakat xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish va IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligini oshirish, harakat xavfsizligini ta'minlash va yo‘l-transport hodisalarini oldini olish mo‘ljallanmoqda.

Bunda quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 581-698 km, 964-1204 km.lari oralig‘ini rekonstruksiya qilish;

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahriga ko‘p sonli chet ellik turistlarni jalb etish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida M39 “Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 1135-1145 km.lari oralig‘ida (Taxtiqoracha dovonidan o‘tgan qismida) avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish, yo‘lni kengaytirish, 4 tasmali qatnov qismiga o‘tkazish va yo‘lining o‘rtasiga qarama-qarshi harakat yo‘nalishlarini ajratuvchi beton to‘siqlar o‘rnatish;

Toshkent viloyati hududida “Afrosiyob” tezyurar elektr poyezdi harakatlanadigan temir yo‘l kesishmalarida tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida avtomobil yo‘li bilan bir sathda kesishgan Zangiota tumani hududidagi 3384, Yangiyo‘l tumani hududidagi 3397 va Chinoz tumani hududidagi 3409-temir yo‘l kesishmalarida yo‘l o‘tkazgichlar qurish;

Samarqand viloyati hududida M37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 80 km.da yo‘lni 4R243 avtomobil yo‘li bilan kesishgan chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurish;

Andijon viloyati hududidan o‘tgan A373 “M39 avtoyo‘li-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘lining 405-450 km.lari oralig‘ida harakatni ikki tomonga ajratuvchi beton to‘siqlar (BDO-5) o‘rnatish. Ushbu avtomobil yo‘lining aholi yashash joylaridan o‘tgan 427-429 va 441-450 km.lari oralig‘ida trotuar qurish hamda avtomobil yo‘lining 405-427 va 430-450 km.lari oralig‘ini tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlash;

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi mahalliy ahamiyatga ega 4K871 “Dutir-Mehnatobod” avtomobil yo‘lining 3-10 km.lari, Bag‘dod tumani hududidagi mahalliy ahamiyatga ega 4K869b “Furqat temir yo‘l bekatiga” avtomobil yo‘lining 0-7 km.lari, O‘zbekiston tumani hududidagi mahalliy ahamiyatga ega 4N902 “Qumbosti-Qo‘qon suv ombori” avtomobil yo‘lining 0-12 km.lari, mahalliy ahamiyatdagi 4K895 “Yaypan-O‘qchi-Shoyimbek” avtomobil yo‘lining 34-38 km.lari, Buvayda tumani hududidagi 4K882 “Beshterak-Arab” avtomobil yo‘lining 2-9 km.lari, mahalliy ahamiyatdagi 4K912 “Buvayda shimoliy Bag‘dod kanali” avtomobil yo‘lining 0-5 km.lari oralig‘ini to‘la ta'mirlash;

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan davlat ahamiyatidagi 4R105 “Darband q.-Boysun sh.- Elbayon q.” avtomobil yo‘lining 70-89 km.lari, Jarqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan davlat ahamiyatidagi 4R100 “Manguzar q.-Jarqo‘rg‘on sh.-Bandixon q.-Oltinsoy q.-Denov sh.” avtomobil yo‘lining 22-54 km.lari oralig‘idagi avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘la ta'mirlash;

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani hududidan o‘tgan davlat ahamiyatiga ega 4R63 “Kogon-Qiziltepa-Toshrabod-Yangiqo‘rg‘on” avtomobil yo‘lining 20-45 km.lari oralig‘ida yo‘lning qatnov qismini to‘la ta'mirlash, yo‘lning ushbu qismidagi xavfli hududlarga 1-guruh muhofazalovchi beton to‘siqlar (BDO-3) o‘rnatish;

Jizzax viloyati hududidan o‘tgan davlat ahamiyatiga ega 4R35 “Jizzax sh.-Paxtakor sh.-Do‘stlik sh.-Gagarin sh.” avtomobil yo‘lining 0-7 km.lari oralig‘ini 2-toifadan 1-toifaga o‘tkazish, ya'ni yo‘lni 9 metrdan 18,1 metrga kengaytirish va 23-31 km.lari oralig‘iga qarama-qarshi harakat yo‘nalishlarini ajratuvchi beton to‘siqlar (BDO-5) o‘rnatish;

Xorazm viloyatidagi hozirgi kunda foydalanishda bo‘lgan 30 ta svetoforlarni (22 tasi shaharlarda, 8 tasi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarida) yangi turdagi yorug‘diodli svetoforlarga almashtirish;

Sirdaryo viloyati hududida M34 “Toshkent-Dushanbe” avtomobil yo‘lining 72 km.da va A373 “M39 avtoyo‘li-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘lining 13 km.dagi “Shodlik” suv iste'molchilari uyushmasiga qarashli bo‘sh yer maydonida hamda Andijon viloyati hududida A373 “M39 avtoyo‘li-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘lining 403 hamda 407 km.larida avtomashinalarni to‘xtashi va haydovchilarni dam olishlari uchun avtoturargohga ega bo‘lgan qisqa muddatli dam olish maskanlarini (kemping) tashkil etish.

Bu boradagi ishlab davlat dasturlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mas'ul ijrochilar - Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Moliya vazirligi, QR Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid