O‘zbekiston | 21:06 / 09.11.2019
5476
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Antaliya sanoat zonasida bo‘ldi

Delegatsiya turli sohalarda faoliyat olib boradigan yetakchi kompaniyalar faoliyati bilan tanishdi.

Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 24-majlisida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov boshchiligidagi delegatsiya Antaliya sanoat zonasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a'zolari yangi avlod issiqxona majmualarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Turkiyaning “Demeter Sera” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Kompaniya rahbari Barish Gukche O‘zbekiston rahbariyatining xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholar ekan, respublikaning qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida kompaniya faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, Turkiyada LED yoritgichlarini ishlab chiqarishda yetakchilardan biri bo‘lgan “Fiberli” korxonasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi. Turkiya tomoni vakillariga O‘zbekistondagi investitsion muhit haqida ma'lumot berildi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun “Fiberli” kompaniyasi menejyerlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, biologik o‘g‘itlar va o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchi “Agricim” korxonasiga tashrif buyurdi. Turkiya tomoni O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi salohiyati haqida xabardor qilindi va respublikaning qishloq xo‘jaligi uchun qo‘shma organik mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish borasida hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Mavzuga oid