Markaziy bank xodimlariga nimalar taqiqlanishi aniqlashtirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlari:
narxlarning;
bank tizimining;
to‘lov tizimlari ishlashining barqarorligini ta'minlashdan iboratdir.
Markaziy bankning bank tizimi barqarorligini ta'minlash bo‘yicha faoliyati narxlarning barqarorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak.
Foyda olish Markaziy bankning maqsadi hisoblanmaydi.
Markaziy bank:
uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishga, bundan o‘z tasarrufidagi tashkilotlar mustasno;
tijorat faoliyatini amalga oshirishga;
uchinchi shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berishga;
banklarning kapitallarida va boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas, bundan valuta birjasining, shuningdek Markaziy bankning faoliyatini ta'minlovchi o‘z tasarrufidagi tashkilotlarning kapitallarida ishtirok etishi mustasno.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, boshqa davlat organlariga va tashkilotlariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi.
Markaziy bank manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarishga oid siyosatni, shuningdek korrupsiyaning oldini olish yuzasidan Markaziy bankning hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarning barcha xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobdordir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Markaziy bankning yillik hisobotini auditorlik tashkilotining xulosasi bilan birga ko‘rib chiqadi.
Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, mehnat shartnomasini bekor qilish, ularning mehnatiga haq to‘lash shartlari va boshqa mehnatga oid munosabatlar Markaziy bank tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Markaziy bank xodimlariga quyidagilar taqiqlanadi:
haq to‘lanadigan biror-bir boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish, bundan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish mustasno;
banklar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish;
o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan o‘ziga ma'lum bo‘lib qolgan bank sirini tashkil etuvchi axborotni yoxud qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi cheklangan boshqa axborotni oshkor etish yoki uchinchi shaxslar manfaatlarini ko‘zlab undan foydalanish.
Markaziy bank xodimlarini tadbirkorlik sub'yektlarining, shu jumladan kredit tashkilotlarining, to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Markaziy bank xodimlarining malakasini va kasbiy darajasini baholash tartibi Markaziy bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Mavzuga oid
11:23 / 01.11.2024
«Biz uchun qiziqligi uning qaysi narxda kirib kelishi» – MB raisi energetika resurslari importida Rossiyaga qaramlik haqida
19:37 / 31.10.2024
«Valuta kursining 1 foizga qadrsizlanishi inflatsiyaga 0,3-0,4 foiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin» - MB raisi
23:37 / 23.10.2024
O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul ulushi 20,7 foizgacha kamaydi - Markaziy bank
17:49 / 23.10.2024